O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykali qad rostladi
Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida buyuk mutafakkir, turkiy xalqlarning ardoqli shoiri Alisher Navoiy haykali tantanali ravishda ochildi. Ushbu muhim madaniy voqea o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, adabiy va ma’naviy aloqalarning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Haykal ochilish marosimida Qirg‘iziston Respublikasining davlat va jamoat arboblari, adabiyot va madaniyat sohasi vakillari, ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik hamda O‘zbekistondan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi. Tadbir ikki qardosh xalq uchun mushtarak bo‘lgan tarixiy xotira va ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida o‘tdi.
Marosimda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida Alisher Navoiy haykalining O‘sh shahrida o‘rnatilishi shunchaki madaniy tadbir emas, balki o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini asrlar davomida birlashtirib kelayotgan adabiy va ma’naviy yaqinlikning ramzi ekanini ta’kidladi.
Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘zbek va qirg‘iz xalqlari tarixan bir-biriga yaqin bo‘lib kelganini, ularni til, urf-odatlar, diniy va eng avvalo ruhiy qadriyatlar birlashtirib turishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ana shu yaqinlikni avloddan avlodga yetkazib kelayotgan eng muhim omillardan biri adabiyot bo‘lib, badiiy so‘z xalqlar qalbini bog‘lovchi kuch sifatida xizmat qilib kelmoqda.

Nutqda Alisher Navoiy ijodi har ikki xalq uchun ham birdek qadrli ekani alohida ta’kidlandi. Buyuk adibning asarlari tarixan qirg‘iz adabiy muhitida ham keng mutolaa qilingani, ular ma’naviy ozuqa manbai bo‘lib xizmat qilgani qayd etildi. Jumladan, “Layli va Majnun” dostonining qirg‘iz tiliga tarjima qilinishi ikki xalq adabiy aloqalarining chuqur ildizlarga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib berishi ta’kidlandi.
Shuningdek, nutq davomida turkiy dunyo adabiyotining yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov ijodiga ham to‘xtalib o‘tildi. Uning o‘zbek adabiy muhitiga bo‘lgan hurmati, asarlarining o‘zbek kitobxonlari orasida keng e’tirof etilgani, “Manas” eposining Mirtemir tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinishi xalqlar ziyolilari o‘rtasidagi samimiy va mustahkam aloqalarning yorqin namunasi ekani qayd etildi.

Akademik Shuhrat Sirojiddinov bugungi kunda ham o‘zbek va qirg‘iz adabiy aloqalari izchil rivojlanib borayotganini, tarjima ishlari, qo‘shma nashrlar, ijodiy uchrashuvlar va adabiy forumlar bu jarayonda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Bunday tashabbuslar yosh avlodni umumiy ma’naviy ildizlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Tadbir yakunida Alisher Navoiy haykali O‘sh shahrida qad rostlagani o‘tmishga hurmat, bugungi do‘stlik va kelajak avlodlar uchun ma’naviy ibrat ramzi ekani ta’kidlandi. Marosim ishtirokchilari haykal poyiga gullar qo‘yib, buyuk adib xotirasiga ehtirom bajo keltirdilar.
Shu o‘rinda qayd etish joiz, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib bormoqda. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU tashabbusi bilan 2023-yil 4-oktabr kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi. Xuddi shu yilning 23-noyabr kuni esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi tashkil etildi. Ushbu markazlar ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.



















