img
Fri, 12/05/2025 - 17:00

Tarjimashunoslik xalqaro nazariy-metodologik seminari ish boshladi

2025-yil 4-dekabr kuni Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Tarjimashunoslik” xalqaro nazariy-metodologik seminari  bo'lib o'tdi. Seminardagi muhokamalar tarjima nazariyasi va amaliyotining bugungi holatini chuqur tahlil qilishga xizmat qildi. Tadbirda olimlar,  tadqiqotchilar,  magistrantlar va bakalavriat talabalari faol ishtirok etdi. ToshDO'TAU Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi  mudiri Mahmadiyor Asadov seminar ochilishida so‘zga chiqib, tarjimashunoslikning zamonaviy ilmiy jarayonlardagi ahamiyati, ilmiy maktablararo hamkorlik zarurati hamda yosh tadqiqotchilarning nazariy-metodologik bilimini mustahkamlashdagi bu kabi seminarlarga bo‘lgan ehtiyoj haqida ta’kidladi. Uning fikricha, tarjima sohasida olib borilayotgan izlanishlar nafaqat lingvistik jarayonlarni, balki madaniyatlararo kommunikatsiya rivojini ham belgilab berishi bilan muhimdir.

Seminar davomida filologiya fanlari nomzodi, tarjimashunos olim Zuhriddin Isomiddinov turkiy tarjimashunoslik muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzasi orqali ilmiy terminologiya, metodik yondashuvlar va matnlararo aloqalarning o‘rganilishi borasida dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqdi. Shoir va tarjimon Shermurod Subhon turkiy adabiy asarlar tarjimalarining o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab, badiiy matnning ruhiy ohangi, obrazlar tizimi va milliy madaniyat qatlamlarini boshqa tilga ko‘chirish jarayonidagi murakkabliklarni yoritdi. Filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos, jurnalist va tarjimon Rustam Jabborov badiiy tarjima jarayonining raqamli texnologiyalar davridagi o‘zgarishlari, sun’iy idrok vositalarining imkoniyatlari va ulardan foydalanishda ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurati haqida ilmiy asoslangan fikrlar bildirdi.

 

Seminar davomida tinglovchilar tomonidan ko‘plab savollar berildi, ilmiy bahs-munozaralar olib borildi, tarjima metodologiyasini takomillashtirish, o‘quv jarayoniga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, turkiy tillararo tarjima maktablarini rivojlantirish kabi takliflar ilgari surildi. Tadbir tarjimashunoslik sohasida nazariy bilimlarni chuqurlashtirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy qobiliyatini rag‘batlantirish va soha bo‘yicha yangi ilmiy g‘oyalarni yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, seminar respublika va xalqaro miqyosdagi tarjima maktablari o‘rtasida ilmiy aloqalarni mustahkamlash, turkiy tarjima merosini chuqurroq o‘rganish hamda kelgusida qo‘shma loyihalar va ilmiy tadqiqotlar uchun asos yaratdi.

 

img
Fri, 12/05/2025 - 10:50

Kelajak soati: Konstitutsiya talaba hayotida

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Mening huquqlarim” mavzusiga bag‘ishlangan “Kelajak soati” mashg‘uloti o‘tkazildi. Unda talabalarga inson huquqlari va erkinliklarining mazmuni sodda, hayotiy misollar orqali yoritildi. Mashg‘ulotning asosiy maqsadi talabalarda huquqiy ongni kuchaytirish, shaxsiy hayotda uchraydigan vaziyatlarda o‘z huquqlarini tanish va ulardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi. Ta’lim kreditlari, bepul o‘quv kurslari, sog‘liqni saqlash tizimidagi imkoniyatlar kabi kundalik hayotga yaqin misollar asosida huquq va imkoniyatlar o‘rtasidagi bog‘liqlik yanada aniq va tushunarli tarzda tushuntirildi. “Kelajak soati”ning o‘n to‘rtinchi mavzusi Ijtimoiy gumanitar kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdulboqi  Bozorov tomonidan o‘tilib, talabalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan asosiy qadriyatlar, “Yangi O‘zbekiston” islohotlari doirasida inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan inson qadrini ulug‘lash g‘oyalarining mazmuni hayotiy misollar bilan sharhlab berildi. Mashg‘ulotning amaliy qismida talabalar o‘z huquqlari va majburiyatlarining uyg‘unligi, shaxsiy hayotdagi mas’uliyat, oddiy turmush jarayonida huquqiy yondashuvni qo‘llash bo‘yicha faol fikr almashdilar. Ular o‘z huquqlari buzilgan taqdirda qaysi tashkilotlarga murojaat qilish mumkinligini, adolat va tenglik kabi tushunchalarning amaliy mazmunini yanada ravshanroq anglab oldilar. Dars jarayonida metapredmet yondashuvi qo‘llanilib, adabiyot fanida Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida huquq va burchning ma’naviy mazmuni ochib berildi, tarix fanida esa Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, mustaqillik yillarida yuz bergan o‘zgarishlar va Konstitutsiyaning qabul qilinishi haqida suhbatlar olib borildi. Shu bilan birga, birinchi dekabr kuni O‘zbek adabiyoti va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi ustozlari Iroda Ishonxonova va Mahliyo Elboyeva Yangihayot tumanidagi otiz uchinchi maktab hamda Yashnobod tumanidagi bir yuz qirq to‘qqizinchi maktabda “Mening huquqlarim” mavzusida “Kelajak soati” mashg‘ulotini o‘tkazdilar. Dars davomida o‘quvchilar bilan qizg‘in savol javoblar bo‘lib o‘tdi, konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha mulohazalar bildirildi, turli hayotiy vaziyatlardan kelib chiqqan fikr almashuvlari tashkil etildi. Mashg‘ulot yakunida talabalar huquq, erkinlik va majburiyat tushunchalarini farqlash, konstitutsiyaviy huquqlarni hayotiy misollar bilan tushuntirish, kundalik vaziyatlarda huquqiy yondashuvni qo‘llash, o‘z huquq va burchlari haqida nutq yoki taqdimot tayyorlash ko‘nikmalarini egalladilar. O‘tkazilgan mashg‘ulot talabalarda qonunga hurmat ruhini mustahkamlashga, adolat, tenglik va inson sha’nini ulug‘lash kabi yuksak qadriyatlarni chuqurroq anglashga xizmat qildi.

  

  

img
Thu, 12/04/2025 - 19:02

Doktorantlar uchun samarali ilmiy maydon

2025-yil 3-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi doktorantlarining navbatdagi ilmiy-metodologik seminari o‘tkazildi. Tadbir ilmiy, nazariy va metodologik yo‘nalishga ega bo‘lib, doktorantlarning ma’ruzalarni tinglashi, tahlil qilishi, o‘zaro bilim hamda tajriba almashinuvi uchun muhim maydon vazifasini bajardi.

Seminarda tayanch doktorantlar o‘z izlanishlari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etdilar. K. Sayfiyeva  “O‘zbek va ingliz tilidagi fitonim birikmali maqollarning lingvokulturologik xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qilib, har ikki tildagi fitonim komponentli maqollar misolida lingvokulturologik jihatlarni batafsil yoritdi. R. Turdiyeva “O‘zbek, qoraqalpoq, ingliz tillaridagi zoonim komponentli maqollarning lingvokognitiv xususiyatlari” mavzusidagi chiqishida uch tilda uchraydigan zoonimli maqollarni qiyosiy tahlil qilib, ularning o‘xshash va farqli tomonlarini ilmiy asosda izohladi. S. Tusunova “O‘zbek tilida ironik mazmun ifodalash usullari” mavzusidagi ma’ruzasida ironiya mohiyati, unga yaqin hodisalar hamda kinoya va istehzo kabi birliklarning nutqdagi ifoda imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. So‘nggi ma’ruza “O‘zbek tilida tasviriy ifodalarning kognitiv mexanizmi” bo‘lib, O‘. Utegenova tasviriy ifodalar tasnifi, badiiy matnda ularning modifikatsiyasi va kognitiv talqini yuzasidan izohlar berdi. Barcha ma’ruzachilar nazariy jihatlarni misollar bilan dalillab tushuntirdilar.

 

Seminarga raislik qilgan f.f.d. professor v.b. M. Abjalova ma’ruzachilar ilmiy ishlari yuzasidan tavsiyalar berdi. Shuningdek, u “korpusga asoslangan metod” va “korpus tahlili” o‘rtasidagi farqlarga to‘xtalib, birinchi metodda korpus faqat tadqiqotning ma’lum qismida vosita sifatida qo‘llanishi, ikkinchisida esa obyekt sifatida tadqiq qilinishi lozimligini tushuntirdi. Amaliy ko‘nikmalar “Uzbek Language Multicorpora” platformasida namoyish etilib, undagi qidiruv turlari va imkoniyatlari ishtirokchilarga ko‘rsatib berildi. Professor ilmiy metodologiyaning ahamiyatini alohida qayd etib, metodlar mohiyati haqida chuqurroq tasavvur hosil qilish uchun “Tilshunoslikning mantiqiy asoslari” qo‘llanmasi bilan tanishishni tavsiya qildi.

 

Seminar savol-javoblar, tavsiyalar va ilmiy muhokamalar bilan boyitildi. Ishtirokchilar tadqiqot metodologiyasi, izlanishlarni rejalashtirish, manbalar bilan tizimli ishlash, ilmiy natijalarni tahlil qilish va xulosalash bo‘yicha foydali maslahatlar oldi. Tadbir doktorantlar uchun o‘z ilmiy loyihalarini taqdim etish, mentorlar va hamkasblar bilan muloqot qilish imkonini yaratib, ularning ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

Seminar ilmiy bilimlarni chuqurlashtirish va metodologik ko‘nikmalarni mustahkamlash nuqtayi nazaridan nihoyatda samarali bo‘ldi.

img
Wed, 12/03/2025 - 18:21

“La culture ouzbek” madaniy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi

2025-yil 3-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Xorijiy tillar kafedrasining fransuz tili yo‘nalishi talabalari tomonidan “La culture ouzbek” (“O‘zbek madaniyati”) mavzusida keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirning maqsadi talabalarga o‘zbek xalqining boy madaniy merosi, an’analari, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini xorijiy til orqali namoyish etish, shuningdek, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida fransuz tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar 5 ta viloyat bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, har bir guruh o‘ziga tegishli hududning madaniyati, san’ati va an’analarini sahna ko‘rinishlari orqali jonli tarzda namoyish etdi. Talabalar sahnada milliy liboslar, raqslar, urf-odatlarga oid epizodlar, qadimiy marosimlar va xalqona an’analarni ijodkorlik bilan taqdim etib, tomoshabinlarga o‘zbek madaniyatining rang-barangligini yetkazishdi.

Bundan tashqari, har bir viloyat jamoasi o‘z hududiga xos milliy taomlarni tayyorlab, ularni nafaqat o‘zbek tilida, balki fransuz tilida ham batafsil taqdim etdi. Bu jarayon talabalar uchun nafaqat ijodiy mashg‘ulot, balki amaliy til mashqi sifatida ham samarali bo‘ldi.

 

Tadbir ishtirokchilari ijodiy yondashuv, sahnaviy chiqishdagi mahorat, milliy qadriyatlarni to‘g‘ri aks ettirish, shuningdek, tayyorlangan taomlarni ikki tilda taqdim etish ko‘nikmalariga ko‘ra baholandi. Tadbir yakunida barcha guruhlar o‘z nominatsiyalari bo‘yicha maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanib, ularning mehnati e’tirof etildi.

 

Ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir talabalarning ijodiy faolligini oshirish, ularning xorijiy til kompetensiyasini mustahkamlash, o‘zbek xalqining milliy merosi va madaniy boyliklarini keng targ‘ib etish hamda turli madaniyatlar o‘rtasida ko‘prik yaratishga xizmat qildi. Shu tariqa, “La culture ouzbek” tadbiri talabalar hayotida unutilmas taassurot qoldirdi va ular uchun muhim tajriba bo‘ldi.

img
Wed, 12/03/2025 - 17:58

Bolalarga mehr ulashaylik

Bugun, 3-dekabr kuni — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Psixologiya va sotsiologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, shuningdek, ijtimoiy ish va psixologiya yo‘nalishlari magistrantlari Yakkasaroy tumanidagi 25-son ixtisoslashtirilgan maktabga tashrif buyurdi. Tashrifning bosh maqsadi — mehr-muruvvat, insonparvarlik va jamiyatda inklyuziv muhitni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish, imkoniyati cheklangan bolalar hayotiga quvonch ulashish edi.

Uchrashuv davomida universitet jamoasi tomonidan o‘quvchilarga turli sovg‘alar topshirildi, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi, dars jarayonlari, maktabning o‘quv-tarbiyaviy faoliyati bilan tanishildi. Professor-o‘qituvchilar hamda magistrantlar bolalarning mehrga chanqoqligi, bilimga bo‘lgan qiziqishi va ijodkorlik salohiyatini chuqur his etishdi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan tashkil etilgan kichik sahna ko‘rinishlari va o‘quvchilarning chiqishlari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.

Mazkur tashrif universitetning ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini amalda ifodalash, imkoniyati cheklangan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda ularning jamiyatga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Xalqaro nogironlar kunini yod etish orqali jamiyatda mehr, e’tibor va bag‘rikenglik kabi insoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish tadbirning asosiy mazmunini tashkil etdi.

 

Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, har bir insonning qo‘llab-quvvatlashga, mehr va e’tiborga munosibligi — jamiyatning yuksak madaniyati va ma’naviyatidan darak beradi. Shu ma’noda, universitet jamoasining ushbu tashrifi nafaqat bayramona uchrashuv, balki chin insoniylik namunasiga aylandi.

 

img
Wed, 12/03/2025 - 16:06

Gʻoyalar mozaikasi yoxud sotsiologik sarguzashtlar

2025-yil 2-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Psixologiya va sotsiologiya kafedrasining Sotsiologiya yoʻnalishi talabalari tomonidan “Gʻoyalar mozaikasi yoxud sotsiologik sarguzashtlar” nomli noan’anaviy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir universitet kutubxonasi zalida va ijodiy sahna maysaida tashkil etilgan boʻlib, unda talabalar anʼanaviy maʼruzalar shaklidan chetlanib, interaktiv chiqishlar, sahna koʻrinishlari, kichik ijtimoiy eksperimentlar hamda multimedia taqdimotlar orqali o‘z gʻoya va tadqiqot natijalarini namoyish etdilar. Tadbirga Ijtimoiy fikr jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi direktori oʻrinbosari Marat Hojimuhammedov hamda jurnalist Gulmira Musajonova tashrif buyurdilar; mehmonlar tadbir dasturiga faol qoʻshilib, yoshlar ishiga ijobiy baho berishdi va o‘z sohalariga oid amaliy maslahatlarga murojaat qildilar. Dastur davomida talabalar tomonidan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar natijalariga bagʻishlangan taqdimotlar, jamiyatdagi yoshlar muammolari, axborot makoni va sotsiologik tadqiqot metodlari boʻyicha amaliy misollar, shuningdek, guruhlar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari va rolli oʻyinlar namoyish etildi; har bir chiqish talabalarning mavzuga chuqur tayyorgarligi va ijodiy yondashuvini koʻrsatdi. Tadbir asosiy qismlaridan biri sifatida noodatiy savol-javob sessiyasi oʻtkazildi: moderatorlar tomondan berilgan dolzarb va oʻylantiruvchi savollar talabalarni vaziyatga tez moslashishga, tezkor va fikrli javob berishga undadi; mehmonlar tomonidan berilgan savollarga oʻz bilim va izlanishlari asosida aniqlik bilan javob bergan talabalar esdalik sovgʻalari va minnatdorchilik yorliqlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, maratona oʻxshash mashgʻulotlarda tajriba almashinuvi, auditoriya bilan ochiq munozara va kichik seminarlar tashkil etilib, talabalar zamonaviy sotsiologik tadqiqotlarning amaliy jihatlarini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻldilar. Tadbir davomida universitet va kafedra rahbarlari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etib, yoshlarning ilmiy izlanishlari, o‘quvdagi yutuqlari hamda jamoaviy ish sifatidagi faoliyatini eʼtirof etdilar; yakunda oʻqishda yuqori natijalarga erishgan, bilimga chanqoq, ijodkor va tashabbuskor talabalar faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari va ragʻbatlantiruvchi sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Umuman olganda, “Gʻoyalar mozaikasi yoxud sotsiologik sarguzashtlar” tadbiri nafaqat talabalar ijodini namoyish etish, balki ularni amaliy tadqiqotlar orqali jamiyat muammolarini anglashga va hal etish yoʻllarini izlashga undovchi samarali maydoncha boʻlib xizmat qildi va ishtirokchilarda iliq, ko‘tarinki kayfiyat qoldirdi.

 

 

img
Wed, 12/03/2025 - 10:09

Talabalarga OITSning oldini olish bo‘yicha aniq ma’lumotlar berildi

1-dekabr – OITSga qarshi kurash kuni dunyo hamjamiyati tomonidan har yili keng nishonlanadigan, global miqyosda inson salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan eng muhim sanalardan biridir. Shu munosabat bilan 2025-yilning 1-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida mazkur sana doirasida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, OITSning oldini olish, profilaktika choralarini kuchaytirish va aholining xabardorligini oshirish borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Tadbir universitet ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha prorektori G. Jo‘rayeva tomonidan ochildi. U o‘z nutqida zamonaviy jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish, yoshlarning mas’uliyatli hayot tarziga yo‘naltirilishi, ayniqsa global kasalliklar bo‘yicha to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, OITS muammosining xalqaro miqyosdagi ijtimoiy va tibbiy oqibatlari haqida so‘z yuritib, bunday targ‘ibot tadbirlari talabalarning ongli qaror qabul qilishi uchun muhim omil ekanini qayd etdi.

Tadbirda Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazining yuqumli kasalliklar shifokori Erkinov Doniyor Dilshodovich mehmon sifatida ishtirok etdi. Mutaxassis talabalarga OIV va OITS haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar berdi, kasallikning yuqish yo‘llari, xavf omillari, keng tarqalgan noto‘g‘ri tasavvurlar hamda kasallikdan himoyalanish choralarini batafsil tushuntirdi. U har bir inson o‘z sog‘lig‘iga befarq bo‘lmasligi, profilaktik tekshiruvlarda muntazam qatnashishi, shuningdek, jamiyatda ushbu mavzuga nisbatan to‘g‘ri madaniy munosabatni shakllantirish muhimligini alohida urg‘uladi.

 

Shifokor bilan bo‘lgan ochiq muloqot davomida talabalar OITSning epidemiologik xususiyatlari, hozirgi davolash usullari, zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan antiretrovirus terapiya natijalari, shuningdek, sog‘lom turmush tarzining kasallikning oldini olishdagi ahamiyati haqida savollar berib, batafsil javob oldilar.

Bugungi tadbirning asosiy maqsadi yoshlar orasida OIV/OITSning oldini olish, kasallik haqida ilmiy, aniq va tekshirilgan ma’lumotlar berish, profilaktik ko‘nikmalarni shakllantirish hamda sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir yakunida talabalar mavzu bo‘yicha tarqatma materiallar bilan tanishdilar va zarur maslahatlarni oldilar.

 

Universitetda bunday ma’rifiy uchrashuvlarning muntazam tashkil etilishi yoshlar ongida sog‘lom hayot, mas’uliyatli qaror, xavfsiz muhit va tibbiy madaniyatni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

img
Tue, 12/02/2025 - 18:49

Raqamli davrda ilmiy etika masalalariga bag‘ishlangan seminar

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida doktorantlar va tadqiqotchilar uchun o‘tkaziladigan an’anaviy ilmiy-metodologik seminarlarning galdagisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur seminar filologiya sohasida raqamlashtirish jarayonining ilmiy tadqiqotlarga ta’siri, ilmiy halollikka doir masalalar va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashda talab etiladigan mas’uliyatni yoritishga bag‘ishlandi.

Seminarda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ma’suma Obidjonova raqamli texnologiyalar ilmiy faoliyatda yaratgan qulayliklar bilan birga, matn asosidagi fanlarda yangi muammolarni ham yuzaga keltirayotgani haqida so‘z yuritdi. U ilmiy axborotning tez tarqalishi, matnlarni ko‘chirishning osonlashgani va sun’iy intellekt vositalarining keng joriy etilgani natijasida ilmiy etikaga doir masalalar tobora dolzarb tus olayotganini ta’kidladi. Ma’ruzada ayniqsa boshqa mualliflarga mansub g‘oya va tahlillarni shaklini biroz o‘zgartirib o‘zlashtirish, mashina tarjimalarini yashirish, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan matnlarni ilmiy natija sifatida ko‘rsatish kabi holatlar keskin ko‘payib borayotgani haqida batafsil fikrlar bildirildi.

Raqamlashtirish jarayoni natijasida matnlar ustida avtomatik vositalar orqali amalga oshiriladigan tahrirlar ko‘plab ilmiy xatolarga sabab bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Bunday holatlar terminlarning noto‘g‘ri almashtirilishiga, jumlalar tuzilishining haddan ziyod soddalashishiga, mazmunning uzilib qolishiga va uslubiy izchillikning buzilishiga olib kelishi qayd etildi. Ma’ruza davomida xalqaro miqyosda yuz bergan ilmiy halollik bilan bog‘liq real misollar qayd etildi. Bu misollar ilmiy natijalar ustidan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

  

Seminarda ishtirokchilarga ilmiy halollikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan amaliy tavsiyalar ham berildi. Har qanday g‘oya yoki ilmiy xulosaning asl manbasini ko‘rsatish, avtomatik tarjima va tahrirlash vositalaridan foydalanilganda bu haqda ochiq ma’lumot berish, sun’iy intellekt yordamida olingan matnlarni albatta inson nazoratidan o‘tkazish, faktlarni mustaqil ravishda tekshirish va bibliografiyani manbalar bilan solishtirish zarurligi alohida qayd etildi. Matnning ilmiy uslubga mosligi va uning mazmuniy izchilligini saqlash ham tadqiqotchining mas’uliyatli vazifalari sifatida e’tirof etildi.

Seminar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. Raqamli vositalar bilan ishlashda duch kelinayotgan muammolar, ilmiy matnlarning ishonchliligini ta’minlash yo‘llari va sun’iy intellektdan foydalanishning maqbul mezonlari yuzasidan fikr almashildi.

  

Seminarga rahbarlik qilish vazifasini Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Sanjar Mavlyanov amalga oshirdi. U muntazam o‘tkazilayotgan bunday seminarlar doktorantlar va yosh tadqiqotchilar uchun nazariy bilimlarni boyitish, metodologik yondashuvlarni takomillashtirish, ilmiy ishlarda halollikni saqlash va zamonaviy texnologiyalarni to‘g‘ri qo‘llash madaniyatini shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Galdagi nazariy-metodologik seminar ilmiy jamoatchilik uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda raqamli davrda ilmiy faoliyatning o‘ziga xos talab va mas’uliyatlari keng yoritildi. Seminar natijalari tadqiqotchilarning ilmiy madaniyatini mustahkamlash, ilmiy matnlar ustida ishlash ko‘nikmalarini boyitish va akademik halollikni ta’minlashga xizmat qiladi.

img
Tue, 12/02/2025 - 14:55

Universitetimiz doktoranti akademik harakatchanlik tanlovida g‘olib bo‘ldi

Har yili yosh olimlar intiqlik bilan kutadigan jarayonlardan biri bo‘lgan “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi joriy yilda ham katta qiziqish bilan o‘tkazildi. Tanlov 15 iyuldan 2 oktyabrgacha davom etdi. Unda mamlakatning turli hududlaridan 194 nafar iqtidorli tadqiqotchi o‘z ilmiy g‘oyalarini taqdim etdi. Ularning ichidan ilg‘or va amaliy qiymatga ega bo‘lgan 92 ta loyiha saralab olinib, g‘oliblar ro‘yxatiga kiritildi.

Saralangan nomzodlar orasida universitetimizning izlanuvchan va ilmiy yangilikka chanqoq tadqiqotchisi Madina Samatboyeva  ha bor. Madina Samatboyeva Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ijtimoiy gumanitar fanlar va axborot texnologiyalari kafedrasi 10.00.11 yo‘nalishi bo‘yicha Til nazariyasi, amaliy va kompyuter lingvistikasi mutaxassisligi bo‘yicha 1 bosqich tayanch doktoranti. Uning ilmiy rahbari  t.f.n. Botir Elov.

Madina tanlovga UzNER nomi berilgan O‘zbek tilidagi matnlarda atoqli otlarni avtomatik aniqlash dasturi loyihasi bilan qatnashdi. Loyiha olti oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyihaning yakuniy natijasi sifatida o‘zbek tilidagi matnlarda atoqli otlarni avtomatik tarzda aniqlash va tasniflash imkonini beruvchi yangi dasturiy vosita yaratiladi. Ushbu vosita o‘zbek tili uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan matnlarni qayta ishlash jarayonini yengillashtiradi. Lingvistik korpuslarning boyishiga, mashina tarjimasi va axborot izlash tizimlari kabi sohalarda samaradorlikning oshishiga xizmat qiladi. Kompyuter lingvistikasining rivojlanishiga turtki beruvchi amaliy yangilik sifatida e’tirof etilishi mumkin.

 

Bugun matnlar hajmi ortib borayotgan davrda ularni tez va aniq qayta ishlash zarurati kuchayib bormoqda. UzNER shu ehtiyojga javob beradigan, o‘zbek tilining raqamli maydondagi imkoniyatlarini kengaytiradigan innovatsion yechim sifatida alohida ahamiyatga ega.

 

Universitet jamoasi Madina Samatboyevaning ushbu yutug‘ini olqishlaydi. Uning izlanishlari kelajakda o‘zbek tili texnologiyalarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.

img
Mon, 12/01/2025 - 18:49

Rasmiy!

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 23-dekabrdagi 472-son buyrug‘ida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida universitetda yakuniy davlat attestatsiya dasturlari ishlab chiqildi hamda 2025/2026 o'quv yili bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bitiruvchi kurs talabalari uchun imtihon topshiriladigan fanlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Fanlar ro'yxati

O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug'i

 

 

 

Pages