Karimov Bahodir Nurmetovich ilmiy maktabi
Adabiyot nazariyasi, jadid adabiyoti, hozirgi adabiy jarayon kabi fanlar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlar va tadqiqotlar natijasi muntazam ravishda ilmiy jamoatchilikka taqdim etib kelinmoqda. Xususan, adabiyotshunoslik metodlarining o‘quv dasturiga kiritilishi alohida e’tibor qozondi. Bu jarayon adabiyot nazariyasi fanining yanada dolzarb nuqtalarda rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimovning Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida olib borilayotgan tadqiqotlar adabiyotshunoslikda germenevtika masalasi, adabiyotshunoslik metodologiyasi va jadid namoyondalarining ijodi va faoliyatini germenevtik yondashuvi bilan o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan. 1995 yili “Vadud Mahmudning 20-yillar adabiy tanqidchiligidagi o‘rni” mavzusida filologiya fanlari nomzodligi uchun dissertatsiyasini himoya qilgan. 2002 yil “XX asr o‘zbek adabiyotshunosligida talqin muammosi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
B. Karimov mazkur mavzularga oid 7 ta monografiya va risola, 3 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 450 tan ortiq ilmiy maqola nashr ettirgan. B.Karimov tadqiqotlari asosan Abdulla Qodiriy asarlari tadqiqi, adabiyotshunoslik metodlarini tasniflash, germenevtik nazariya asoslariga haqida.
Umumta’lim maktablarining 10-11-sinflari uchun tayyorlangan “Adabiyot” (2017, 2018) darsligining mualliflaridan biri. Bir qancha antologiyalarning g‘oya muallifi va tuzuvchisi. Bir necha marotaba Germaniyaning DAAD stipendiyasi tanlovida g'olibi bo'lgan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi (2005-yil). O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan "Vatan uchun yashaylik!" tanlovi g'olibi (2014-yil). Xalq ta'limi a'lochisi (2016-yil). Shuningdek, B.Karimovning "Ikki daho-ikki bebaho" kitobi "Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob" tanlovida "Eng yaxshi mualliflik ishi" yo'nalishida g'olib deb topilgan (2022-yil). 2020 yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Ilmiy maqolalari Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog'iston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Germaniya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy jurnallarida e'lon qilingan. Bir necha yillardan beri Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o'tkazib kelinayotgan "Yosh kitobxon" tanlovida hakam sifatida ishtirok etib kelmoqda.
Professor rahbarligida bugungi kungacha 2 ta fan doktori va 12 nafar filologiya fanlari nomzodi va filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) tayyorlangan. 2 nafar tadqiqotchi doktorlik va 6 nafar tadqiqotchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) ilmiy darajasi uchun ilmiy ishlarini yakuniga yetkazmoqdalar.