Eng ko'p so'raladigan savollar

ENG KO’P SO’RALADIGAN SAVOLLARGA JAVOBLAR

1.Qanday sharoitdagi talabalarga universitet talabalar turar joyidan joy ajratiladi?
Javob:
chin yetim, nogiron (I,II guruh), otasi yoki onasi vafot etgan, oilasi “Yagona ijtimoiy himoya reestri”da qayd etilgan hamda oilasida 2 va undan ortiq talaba to’lov-shartnoma asosida o’qiydigan hamda universitetning jamoatchilik faoliyatida o‘rnak ko‘rsatgan  talabalarga birinchi navbatda joy ajratiladi.

2.Oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagan, lekin TTJdan joy ajratilmagan hamda  ijara shartnomasi asosida istiqomat qiladigan talabalarga qanday yordam beriladi?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 605-sonli qaroriga muvofiq, ijara shartnomasi asosida tahsil olayotgan talaba ijara pulining 50 %i O’zbekiston Respublikasi budjetidan qoplab beriladi. Bu miqdor viloyatlarda bazaviy hisoblash miqdorining yarmigacha, Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorigacha to‘lab berish belgilangan. 
Batafsil tanishish uchun: Yuklab olish

3.Davlat granti asosida o’qiydigan talabaga qay holatda stipendiya tayinlanmasligi mumkin?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.01.2020-yilda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalarni tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 59-son qarorning 2-bandida shunday keltirilgan: “o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho  bo‘lgan davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga navbatdagi o‘quv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik (qarordan aynan keltirildi)”, - tartibi belgilangan. 

4.Mening otam vafot etgan. Oilada 3 ta qizmiz.  Onam o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. To‘lov shartnoma asosida o‘qiyman. Shartnoma pulini to‘lashda qandaydir qulaylik bormi? 
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil imzolangan 585-son qaroriga muvofiq, ushbu toifaga mansub xotin-qizlarning to‘lov-shartnoma puli o‘zi doimiy ro‘yxatga olingan viloyat hokimliklari tomonidan qoplab beriladi (har yili 100 nafargacha). Siz zaruriy hujjatlarni universitet komissiyasiga taqdim eting. Universitet komissiyasi esa Sizning oilaviy sharoitingiz to‘g‘risida yashaydigan viloyatingiz hokimligiga aloqa xati yo‘llaydi. 

5.Kredit-modul tizimida davomat masalasi talabaning yakuniy nazoratga qo‘yilmasligi uchun asos bo‘lishi mumkinmi?
Javob:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qaroriga ilova qilingan Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 8-bob 41-bandida quyidagicha keltirilgan: “Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi”. 

Kredit-modul tizimi haqida batafsil ma'lumotga ega bo'lish uchun quyidagi manbalar bilan tanishing: https://lex.uz/ru/docs/-5193564