Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi

“Men qat’iy aminman: afg‘on xalqida o‘z farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yo‘lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g‘ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli”. 
Shavkat Mirziyoyev,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

   Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlashda, avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar muhim ahamiyatga egadir. Xususan, Afg‘oniston respublikasi bilan o‘rnatilgan munosabatlar ikki xalq o‘rtasidagi tinch-totuvlikni, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta’minlaydi. Termiz shahrida bunyod etilgan Afg‘oniston respublikasi fuqarolarini o‘qitish markazi Afg‘onistonga yetuk salohiyatli kadrlarni yetkazib berish yo‘lidagi O‘zbekistonning hamkorlik borasidagi ahamiyatli tashabbusidir.


     2018-2019 o‘quv yili davomida 96 nafar afg‘onistonlik talabalar O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil oldi va Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va abadiyoti universitetining bakalavr diplomiga ega bo‘ldi.

    Hozirgi kunda markazda 186 nafar talaba tahsil olayotgan bo‘lib, shundan,  O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha 111 nafar III kurs talabalari hamda ayni yo‘nalishda 41 nafar kurs tinglovchilari tahsil olmoqda.

     Markaz binosining  umumiy yer maydoni 6,5 ga, o‘quv binosi 3,5 ga yer maydonidan iborat. Unda 750 o‘rinli o‘quv binosi, 150 o‘rinli qishki va 224 o‘rinli yozgi oshxona, 200 o‘rinli faollar zali,  42 o‘rinli ma’ruzalar xonasi, 18 o‘rinli 3 ta informatika xonasi, 24 o‘rinli fizika va ximiya xonalari, 20 o‘rinli lingafon xonasi va 80 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxona, 50 o‘rinli 2 qavatli va 300 o‘ringa muljallangan 2 blokdan iborat 3 qavatli talabalar turar joyi binosi va barcha sport turlariga mo‘ljallangan o‘yingohlar mavjud.

   

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017-yil 10-sentyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida tashkil etilgan “Islom hamkorlik tashkiloti” Sammiti doirasida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti bilan uchrashuvidagi  muzokaralar davomida o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida, Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan Termiz tumanida, afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazini tashkil etish rejalashtirilgan edi.

     Mazkur kelishuv ijrosi yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim  vazirligi  huzurida Afg‘oniston fuqarolarini  o‘qitish  ta’lim  markazi  faoliyatini  tashkil  etish to‘g‘risida”gi  911-son  qarori qabul qilindi. Qaror asosida Termiz shahrida afg'on fuqarolarini o'qitish markazi tashkil topdi.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil topgan ushbu markaz bir nechta ta’lim yo‘nalishlarida Afg‘oniston fuqarolariga ta’lim berib kelmoqda: 
1.    O‘zbek tili va adabiyoti 
2.    Yerusti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi. 
3.    Tibbiyot (akusherlik va hamshiralik ishi)

Markaz O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimida qabul qilingan normalarga asosan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlarga muvofiq kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish tashkil etilgan. Afg‘oniston tomoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda markazda kadrlarni oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi dasturlari asosida o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha qisqartirilgan ta’lim muddatlari bo‘yicha o‘quv rejalari modullashtirilgan shaklda ishlab chiqilgan. Vazirlik huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlangan.
Markazda ayni vaqtda 204 nafar talaba tahsil olib, ularning 152 nafari O‘zbek tili va adabiyoti, 34 nafari  Yerusti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi ta’lim yo‘nalishidadir. 
Talabalar uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan bo‘lib, markazning axborot-resurs markazida bir vaqtning o‘zida 80 nafar talaba yoshlar bemalol dars qilish, internet manbalaridan foydalanish, texnika, ijtimoiy-gumanitar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi adabiyotlar, O‘zbekistonda ishlangan badiiy va hujjatli filmlar, audio va elektron kitoblar to‘plamidan foydalanish imkoni yaratilgan. Shuningdek, 2 dona O‘zinfokiosk qurilmasi o‘rnatilgan bo‘lib, unda o‘zbek va dari (afg‘on) tillarida dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan va ushbu dasturdagi 5 ta bo‘lim (“O‘zbekiston ramzlari”, “Madaniy meros”, “Arboblar”, “Iftixorlarimiz”, “Galereya”) ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan.
Markazda talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yosh notiq, yosh jurnalist, mamlakatshunoslik, yosh dasturchi, tasviriy va xalq amaliy san’ati, 10 dan ortiq sport to‘garaklari, tikuvchilik, sartaroshlik va boshqa to‘garaklar faoliyat olib borilmoqda.

 

...
...

 

 

  Biz Termizda nihoyatda yaxshi sharoitlarda tahsil oldik. Xususan, o'zbek tili va adabiyoti universitetining professor-o'qituvchilari tomonidan o'tkazilgan dars mashg'ulotlari bizda katta taassurot qoldirish bilan birga, muhim tajriba maktabi bo'ldi. 

Noorullah Muhammad Ogahli


 

  O'zbek tili va adabiyoti bo'yicha biz olgan bilim, to'plagan tajriba va malakamiz bilan o'z yurtimizdagi o'zbek bolalariga ko'plab yangi manbalarni yetkaza olamiz, deb bemalol ayta olaman. Markaz faoliyati bizni nihoyatda quvontirdi. Yaratilgan sharoit va eng muhimi ta'lim sifati a'lo darajada. Buning uchun O'zbekiston Respublikasi hukumatiga, bizga ta'lim bergan ustozlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Said Jalaluddin Sadatzoda


 

  Bizni eng quvontirgan narsa Termizda doimiy ravishda ilm bilan, ajoyib tadbirlar, go'zal suhbatlarda band bo'ldik. Xususan, viloyatda hamda respublika miqyosida tashkil etilgan tanlov, festivallar, xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdik. Muhimi o'z so'zimizni, fikrimizni bildirib, Afg'oniston rivoji uchun hissa qo'shadigan mutaxassis sifatida qaytyapmiz.

Shirzod Rana Tojmuhammad

Markaz bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan xorijiy mamlakatlarning favqulodda va muxtor elchilari

● 2019 yil 16 sentyabr kuni AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyum;

● 2019 yil 25 sentyabr kuni Hindiston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Santosh Jani;

● 2019 yil 11 dekabr kuni  Germaniya Federativ Respublikasining  O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi G.Overfeld;

● 2020 yil 3 fevral kuni Koreya respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon;

● 2020 yil 6 fevral kuni Slovakiyaning O‘zbekistondagi favqulodda  va muxtor elchisi Bori Yan ;

● 2020 yil 26 noyabr kuni Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Manish Prabxat;

● 2021 yil 20 yanvar kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining elchisi Ahmad Xalid Elmi tashrif buyurishgan.

Qolaversa, 2021-yilning 15-dekabr kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, UNICEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari  Munir Mamedzade, YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxasisi Akmal Rustamov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakili Rustam Nazarov  hamda Afg‘onistonning Termiz shahridagi Bosh konsulining 2 kotibi Muxtor Azimi va ushbu Bosh Konsullikning bo‘lim boshlig‘i Siyam Sakandarilar Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markaziga tashrif buyurdilar.