Samixon Ashirboyev ilmiy maktabi
Filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev o‘zbek dialektologiyasi, areal lingvistika, o‘zbek tili tarixi va pedagogika sohalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida taniqli olim, 1996-2011 yillardagi ta’lim islohotlarining faol ishtirokchisi va tashkilotchisi, ta’limni standartlashtirish bo‘yicha mutaxassis, rahbarlik ishini auditoriyadagi ta’lim ishi bilan baravar olib bora olgan yetuk pedagogdir.
S. Ashirboyev tadqiqotchilik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasida o‘zbek tilshunosligi tarixini o‘rganish ishini boshlagan. Uning XIX oxirlaridagi o‘zbek tilshunosligi tarixiga oid tadqiqoti keyinchalik shu fanning yaratilishiga asos bo‘ldi va uning tadqiqot usulidan hozir ham foydalanib kelinmoqda. U fan olamiga buyuk Alisher Navoiyning nasriy asarlari sintaksisini tadqiq qilish bilan mashhur bo‘ldi va bu sohada o‘z maktabini ham yaratdi.
Ashirboyev Samixon u faoliyat ko‘rsatgan oliy ta’lim muassasalarida qaysi sohaning rivolanishi lozim topilsa, shu muammoni hal qilishga jalb qilingan. Universitetda o‘zbek dialektologiyasi fanining o‘qitilshini yo‘lga qo‘yish lozim bo‘lganda, shu fanning ta’limini amalga oshirdi va 1968 yildan to hozirgi davrgacha orttirgan tajribasi asosida Respublikamizning “O‘zbek tili va adabiyoti” va “Filologiya (tillarni o‘qitish)” yo‘nalishlari uchun darsliklar yaratdi. Shunday ta’limiy muhtojlik “O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi”, “Eski o‘zbek yozuvi” va, ayniqsa, magistratura mutaxassisligi uchun “Areal lingvistika” darsligining yaratilishini taqozo qildi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasida “Areal lingvistika” darsligining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida yaratilishi va chop qilinishi ulkan voqea bo‘ldi, boisi bu nomda darslik boshqa mamlakatlarda hozirgacha dunyo yuzini ko‘rmagan.
Ashirboyev Samixon televidenie, vaqtli matbuot va edu.uz saytida dolzarb mavzularda suhbatlari va maqolalari bilan qatnashib turadi. O‘zi va shogirdlari bilan birga o‘zbek shevashunosligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 martdagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 117-sonli qarori bilan tashkil etilgan “O‘zbek shevashunosligi markazi”ni boshqarmoqda va buning natijasi o‘laroq Respublikamizda o‘zbek shevalari tadqiqotlari jonlandi.
U 1997 yilda Ufa shahrida bo‘lib o‘tgan Butundunyo turkologlarining kongressi ishtirokchisidir, 20dan ortiq Xalqaro konferensiyada ma’ruzalari bilan qatnashgan.
Uning tomonidan 200dan ortiq ilmiy va ilmiy-metodik mahsulot e’lon qilingan, shulardan: 7tasi darslik, 9tasi o‘quv qo‘llanmasi, 3 monografiya va 2 risoladir. Uning rahbarligida 1 fan doktori, 12 fan nomzodlari va PhD tayyorlangan va hozir 2 doktorlik, 4ta PhD ishiga iilmiy rahbarlik qilmoqda.
Ashirboyev Samixon ijtimoiy faol olim bo‘lib, 2004-2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat Test Markazi qoshidagi nostrifikatsiya komissiyasida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi, raisi muovini va ilmiy kotibi, bir necha ilmiy daraja beruvchi kengashlarning a’zosidir. U ma’naviy va ma’rifiy ishlarda ham tashabbus ko‘rsatmoqda, jumladan, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan “Nazm va navo” suhbat-konsertini tashkil etib bormoqda.
Ashirboyev Samixon hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida oʻzbek shevalarining oʻrganilishini rejalashtirish va bevosita oʻrganilishi ishlarida maslahatchi sanaladi.