O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BAYROG‘I

   

 

 “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Qonun 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
 
  Davlat bayrogʻi va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
 

1. Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu  yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi.
 
2. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli.
 
3. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
 
4. Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

Davlatimiz bayrog‘i – o‘tmish, bugun va kelajagimizning yorqin timsoli. Yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamagan buyuk vatandoshimiz, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir Najmiddin Kubro uni qo‘lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo‘lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o‘nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo‘lish deganidir.

Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.