Yangiliklar

img
Tue, 06/10/2025 - 17:12

Yangi “Ona va bola” xonasi foydalanishga topshirildi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM), xususan 4-maqsad — sifatli ta’lim, 5-maqsad — gender tengligini ta’minlash va 10-maqsad — tengsizlikni qisqartirishga muvofiq holda, o‘z faoliyatida ijtimoiy mas’uliyat tamoyillarini faol tatbiq etib kelmoqda. Universitetning uchinchi missiyasi — jamiyatga xizmat qilish yoʻnalishidagi izchil ishlari natijasida oliy ta’lim tizimida ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarni amalga oshirayotgan muassasalardan biriga aylandi. Buning yaqqol dalili sifatida universitet Times Higher Education (THE) Impact Ranking xalqaro reytingida 300+ o‘rinni egallab kelmoqda.
Shu munosabat bilan, universitetda mamlakat oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi boʻlib talaba va oʻqituvchi onalar uchun ona va bola xonasi tashkil etilgan edi. Mazkur tashabbus bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarildi — Koreya Respublikasining KIDC (Korea International Development Cooperation) tashkiloti ko‘magida, universitet Xalqaro aloqalar bo‘limi tashabbusi bilan zamonaviy va barcha qulayliklarga ega yangi ona va bola xonasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur loyiha universitet tomonidan xorijiy investitsiya mablagʻlarini jalb etgan holda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasidagi amaliy qadam sifatida alohida ahamiyatga ega. Bu nafaqat xalqaro hamkorlik samarasi, balki ijtimoiy jihatdan yosh onalarga, ularning farzandlariga e’tiborning namunasidir. Ayniqsa, ta’lim olayotgan va bir vaqtning o‘zida farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan onalar uchun bunday imkoniyat – e’tibor va g‘amxo‘rlik timsoli, bolalar uchun esa xavfsiz va qulay makon sifatida qadrlanmoqda.
Ochilish marosimida universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova, KIDC tashkiloti vakillari, ko‘ngillilar va universitet jamoasi vakillari ishtirok etdilar. Tadbir davomida ayol talabalarning ta’limga to‘liq jalb etilishi, ijtimoiy inklyuziya, gender tengligi va ona-bola salomatligi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yangi ona va bola xonasi – universitetning har bir talaba va pedagog uchun g‘amxo‘rlik bilan yondashuvchi, ilg‘or va barqaror taraqqiyotga yo‘naltirilgan oliy ta’lim muassasasi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi. Bu esa, ta’lim va jamiyat o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlovchi muhim qadamlardan biridir.