Xitoyliklarga o’zbek tili va madaniyatini ToshDOʻTAU olimasi oʻrgatmoqda
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 2016-yili tashkil qilingan bo‘lishiga qaramay, 8 yil ichida juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritgani hech kimga sir emas. Xususan, jahon reytinglarida kuchli 300 talikka kirgan nufuzli universitet sifatida o‘z o‘rnini topdi. Shuningdek, chet davlatlarining bir qancha mashhur oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, taraqqiy etib bormoqda.
Ma’lumki, 2018-yil 16-noyabrda Shanxay chet tillar universiteti (Shanghai International Studies University // SISU)ning Hongkou kampusida o‘zbek tili yo‘nalishi va “O‘zbekiston tadqiqotlar markazi” ochilgan edi. Shunga ko‘ra, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Mardon Rahmatov universitet mashg‘ulotlarini bugunga qadar o‘zbek tilida samarali tarzda olib bordi. 2024-2025-o‘quv yilida mazkur mas’uliyatli vazifa, bir yillik shartnoma asosida, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Muazzam Dedaxanova zimmasiga yuklandi.
Hozirgi kunda Shanxay chet tillar universitetining Songjiang kampusida faoliyat olib borayotgan o‘zbek tili yo‘nalishida talabalar to‘rt yillik bakalavriat davomida nafaqat o‘zbek tilida mukammal so‘zlash va yozish, balki o‘zbek adabiyoti, tarixi, iqtisodi, madaniyati bo‘yicha zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishlari ham ko‘zda tutilgan. Zero, ular kelajakda turli maskanlarda o‘zbek tili o‘qituvchisi, tarjimon, elchi, diplomat, o‘zbekshunos olim, shu til bo‘yicha professional mutaxassis bo‘lib, o‘zbek va xitoy hamkorligini mustahkamlash barobarida ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlari lozim. Shularni inobatga olgan holda, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Muazzam Dedaxanova maxsus dastur asosida o‘z faoliyatini boshladi.
Jahon standartlariga javob beradigan Shanxay chet tillar universiteti Xitoyda chet tillari bo‘yicha yetuk kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab mamlakatlarda noan’anaviy tilshunoslik yo‘nalishlarini barpo etgani bilan diqqatga sazovor. Shunga ko‘ra, mazkur universitetda o‘zbek tilini ham jahon tillari qatorida chet tili sifatida o‘qitilishi quvonarli hol.