img

Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinov

Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori


Filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Samariddinovich Sirojiddinov 2016-yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori sifatida xizmat qilib kelmoqda. Bundan avval u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti prorektori, Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Falsafa va jahon madaniyati kafedrasi mudiri kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Shuhrat Sirojiddinov Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti bitiruvchisi bo’lib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Fanlar akademiyasi Samarqand filiali hamda Oksford islom tadqiqotlari markazida (Buyuk Britaniya) ham ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

Taniqli navoiyshunos va matnshunos olim Shuhrat Sirojiddinovning 300 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlari e’lon qilingan, jumladan, u 15 ta darslik va o‘quv qo‘llanma, 14 ta monografiya, 300dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifidir. 2013-yil “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik,  tekstologik tahlili” monografiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasining Adabiyot sohasida I darajali Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shuhrat Sirojiddinov Ozarbayjon Fanlar akademiyasi faxriy doktori, Oksford Islom tadqiqotlari markazi faxriy a’zosi (Buyuk Britaniya), Markaziy Osiyo tadqiqotlari Xalqaro assotsiatsiyasining hamraisi (Koreya), Yevroosiyo turkiy tadqiqotlar instituti ilmiy maslahatchisi (Koreya), shuningdek, O‘zbekiston-Amerika do‘stlik jamiyati raisidir.

Shuhrat Sirojiddinov “Turkologiya” (Ozarbayjon), “Qiyosiy adabiyotshunoslik” (Ozarbayjon), “The Journal of Eurasian Turkic Studies” (Koreya), “The World of Central Asia. International Journal of Humanities” (O’zbekistan) “Jahon adabiyoti”  (O‘zbekiston), “Zvezda Vostoka” (O‘zbekiston), “Imom  Buxoriy saboqlari” (O‘zbekiston), “Filologiya masalalari” (O‘zbekiston), “Yer yuzi” (O‘zbekiston), “Yoshlik” (O‘zbekiston), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot instituti “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnallari (O‘zbekiston) kabi ilmiy nashrlar tahririyat a’zosidir.


 

Shuhrat Sirojiddinovning shaxsiy tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Turkiy Kengashga a’zo davlatlar universitetlarining hamjamiyatiga a’zo bo‘ldi. 2023-yilda Xalqaro turkiy akademiya tomonidan tashkil etilgan Komissiya yig‘ilishida moderatorlik qildi. 

 2021-yil 15-16-sentabr kunlari Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida o’tkazilgan “Intervolga-2021” xalqaro forumida professor Shuhrat Sirojiddinov N.A. Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod davlat lingvistika universitetining faxriy professori unvoniga sazovor bo‘ldi.

2021-yilda Shuhrat Sirojiddinovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq O‘zbekistonda xizmat ko’rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni topshirildi.

2022-yilda MDH Parlamentlararo Assambleyasining 54-yalpi majlisida Shuhrat Sirojiddinov Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan italyan tiliga tarjima qilingan "Boburnoma" kitobini tayyorlashda professor Shuhrat Sirojiddinov ilmiy va adabiy muharrir sifatida ishtirok etdi.

Shuhrat Sirojiddinovning sa'y-harakatlari bilan 2023-yilning 4-oktabr kuni Qirg'iz Respublikasining O'sh davlat universitetida O'zbek tili va madaniyati markazi ochildi. 
Ushbu quvonchli tarixiy kunda ikki mamlakat o'rtasidagi adabiy-madaniy aloqalar rivojiga munosib hissa qo'shgani uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovga Oʻsh davlat universiteti faxriy professori unvoni topshirildi.

O'zbek mumtoz adabiyotining falsafiy sarchashmalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  2023-yil 22-dekabrdagi farmoni bilan mamlakatimiz ilm-fani nufuzini yanada oshirish, ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish maqsadida Fanlar akademiyasi Hay’ati va tegishli fan ixtisosliklari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolarining tavsiyasiga asosan Shuhrat Sirojiddinov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademik) bo‘ldi.