Yangiliklar

img
Thu, 10/19/2023 - 18:37

"O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoniga muvofiq “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-yilning 19-oktabr kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida   “O‘zbek tili taraqqiyoti va xalqaro hamkorlik masalalari” mavzusida  an’anaviy Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o'tkazildi. Konferensiya o‘zbek tilining nazariy va amaliy masalalarini tahlil qilish, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘zbek tilining turkiy va turkiy bo‘lmagan tillar bilan o‘zaro aloqalarini o‘rganish hamda rivojlantirish, o‘zbek tilshunosligi yutuqlarini keng miqyosda ommalashtirish, tilshunoslik sohasidagi xalqaro aloqalar istiqbolini belgilash singari dolzarb maqsadlarni ko'zlagan. 
Anjuman O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti, Turkiyaning Anqara universiteti, Manas nomidagi qirg'iz-turk universiteti, Qozog'istonning Tashenev universiteti, Tojikistonning Xo'jand davlat universiteti, Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasi, Koreyaning Hankuk xorijiy tillar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

 
Konferensiyani Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Sh.Sirojiddinov ochib berdi. U o'z so'zida butun o'zbek xalqini 21-oktabr - o'zbek tili kuni bilan samimiy qutladi. 
Konferensiya yalpi majlisida so'zga chiqqanlar o'zbek tilining ilmiy va nazariy jihatlariga doir qimmatli ma'lumotlarni aytib o'tishdi. 
Konferensiya O‘zbek tilshunosligi va tilshunoslikning nazariy masalalari, Amaliy tilshunoslik va lingvodidaktika muammolari, Madaniyatlararo muloqot va o‘zbek tili taraqqiyoti, O‘zbek tilining xorijda o‘qitilishi va o‘zaro hamkorlik masalalari, Til tarixi va turkiy tillar tadqiqotlari singari sho'balarda ish olib bordi.