Yangiliklar

img
Mon, 01/08/2024 - 17:24

Ma’naviy uyg‘oqlik, birdamlik va yangilanish

2024-yil 8- yanvar kuni  Iste’dodli yoshlarni  qo‘llab-quvvatlash  “Ulug‘bek” jamg‘armasida  “Ma’naviy  uyg‘oqlik, birdamlik  va  yangilanish”  mavzusida  ma’ruzalar tashkil  etildi. Tadbirda  yetakchi olimlar, doktorant va ilmiy izlanuvchilar,  talaba-yoshlar qatnashishdi.
Tadbirni Iste’dodli yoshlarni  qo‘llab-quvvatlash  “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi akademik O.U.Salimov ochib berdi. U o‘zining kirish nutqida O‘zR Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning  2023- yil 22 - dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va  ma’rifat markazi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqidagi eng asosiy va dolzarb nuqtalar  va ulardan kelib chiqadigan vazifalar  haqida gapirib, ularning ijro qilinishida har bir olim, ziyolini faol bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, akademik   O.U.Salimov bugun tadbir ishtirokchilarining har  biriga “Ma’naviyat  hayotimizda yangi kuch, yangi harakatga aylanishi  kerak” mavzusida tayyorlangan tarqatma materiallarning tarqatilishi,  qatnashchilar aynan shularga asoslangan holda o‘z faoliyatini tashkil qilishi zarurligini  ta’kidladi.  
Ma’ruzalar Respublika Ma’naviyat va  ma’rifat markazi rahbari M.M.Hojimatov, ToshDO‘TAU rektori akademik Sh.S.Sirojiddinov, O‘zDJTU professori N.Q.Jo‘rayevlar tomonidan amalga oshirildi.  
Ma’ruzachilar  - Respublika Ma’naviyat va  ma’rifat markazi rahbari M.M.Hojimatov, O‘zDJTU professori N.Q.Jo‘rayevlarning chiqishlari qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, ularni yangi tashabbuslar bilan chiqishga, xayrli ishlarni amlaga oshirishga undadi, albatta.

  

Ayniqsa, ToshDO‘TAU rektori akademik Sh.S.Sirojiddinovning ma’ruzasi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.    Xususan, uning ma’ruzasida  quyidagilarga alohida  e’tibor  qaratildi, ushbu masalalarning chuqur ilmiy-nazariy tahlili berildi:
1. Ma’ruzada  jadidchilik harakatining ildizlari  ilmiy jamoatchilikka hali yaxshi ma’lum bo‘lmagan rakurslarda ochib berildi. Bunda asosiy  e’tibor  O‘zbekiston hududidagi  dastlabki oliy ta’lim maskanlari – madrasalar faoliyatiga qaratildi. Madrasalarning  o‘qitish uslublari, konsepsiyaviy ahamiyatga molik bo‘lgan mazmun-mohiyati kabilar  XVI - XVII -XVIII – XIX- XX  asrlar misolida tadrijiy jihatdan   tahlil qilib berildi. Ya’ni, Vatanimiz hududida jadidchilik  harakatining vujudga kelishi faqatgina Ismoil Gaspirinskiy nomi bilan bog‘liq emasligi, uning ildizlari bobolarimizning dastlabki ma’rifatparvarlik g‘oyalaridayoq mavjud bo‘lganligi ilmiy asoslari bilan ochib berildi.
2. Ma’ruzada  Yangi O‘zbekistondagi  Uchinchi Renessans  poydevori nima uchun  aynan jadidlarning g‘oyalariga asoslanishi zarurligi mashhur jadidlarning faoliyati, ilmiy-adabiy merosi tahliliga oid yangi faktlar  orqali ochib berildi.
3. Ma’ruzada, shuningdek, nima uchun xuddi jadid bobolarimizdek, aynan ta’limga ustuvor  e’tibor ko‘rsatilishi zarurligi  hayotiy dolzarb misollar orqali dalillanib,  aniq ko‘rsatib berildi.
4. Ma’ruzachi   O‘zR Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning  2023- yil 22- dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va  ma’rifat markazi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqidagi eng ahamiyatli masalalardan biri – “g‘oyaviy mafkura” masalasi ekanligi, O‘zbekiston xalqi aynan shu mafkura atrofida birlashishi, har  bir inson shu g‘oyaga o‘zini dahldor deb bilishi, his qilishi zarurligini alohida ta’kidladi. U, shuningdek,  Prezidentning mazkur nutqi bilan o‘ziga xos “Ma’naviy inqilobga“ start   berganligi, bu jarayonda har bir ziyoli oldingi saflarda bo‘lishi, o‘zini millatparvar deb hisoblagan har bir inson jamiyatimizda kechayotgan voqealarga befarq bo‘lmasligi, millattimiz, ma’naviyatimizga bo‘layotgan har  hujumlar  -  yot  g‘oyalarga kurashish qobiliyati va qudratiga ega bo‘lishi  kerakligini alohida ta’kidladi, bu borada  o ‘z takliflarini bildirdi. 
5. ToshDO‘TAU rektori akademik Sh.S.Sirojiddinov, shuningdek, o‘z ma’ruzasida   bugungi kunda ma’naviy tarbiya borasida o‘ta  zarur bo‘lgan  bir nechta taklif va tashabbuslarni ham  ilgari surdi.

Ma’ruzalar  bo‘yicha muhokamaga chiqqanlar  bugun  taqdim etilgan yangi  va foydali ma’lumotlar, tahlillar uchun  ma’ruzachilarga minnatdorlik bildirib, bu kabi tadbirlar doimiy tashkil qilinishi yuzasidan taklif  va tavsiyalar berishdi.
Saodat Muhamedova 
filologiya fanlari doktori, professor