Yangiliklar

img
Mon, 06/27/2022 - 19:25

Hamkorlikning yangi istiqbollari

O’zbek tili va adabiyoti, o’zbek milliy madaniyati, xalqimizning boy tarixini jahonga ko’rsatish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti zimmasiga qo’yilgan ulkan vazifa hisoblanadi. ToshDO’TAU bu vazifani ado etish maqsadida ko’plab samarali harakatlar, maqsadli rejalarni amalga oshirib kelmoqda. Tashkil etilganiga endi 6 yil bo’lgan o’quv muassasamizning xalqaro aloqalari soni 97 taga yetgani buning yaqqol dalilidir. Xabaringiz bor, universitetimiz Turkiyaning ko’plab muhim universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan. Joriy yilning 27-iyun kuni universitetimiz  rektori Shuhrat Sirojiddinov va Turkiyaning Marmara universiteti vakillari o'rtasida hamkorlik uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda universitetimiz  Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda universitet katta o’qituvchisi Sabohat Bozorova ishtirok etdi.

Dastlab har ikkala tomonning istiqbolli rejalari va missiyalari tanishtirildi.  Suhbat davomida o’zaro hamkorlik butun turkiy xalqlarning mushtarak qadriyatlari rivojida muhim omil ekani  qayd etildi. Shuningdek, Marmara universiteti va universitetimiz o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Dunyoning top 1000 taligiga kiruvchi Marmara universiteti bilan memorandum imzolangani hamkorligimiz boshlanishining eng birinchi odimlaridir. Turkiyalik mehmonlar bilan xalqaro tendensiyalar va hamkorlik munosabatlarida mustahkam aloqa oʼrnatish, kelgusi istiqbollar uchun imkoniyatlar, akademik mobillikni yo'lga qo‘yish va kengaytirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, ilmiy, o‘quv-uslubiy sohalarda o'zaro amaliy faoliyat olib borish,  Erasmus+  hamda amaliy loyihalar samaradorligini oshirish borasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Kelgusida universitetimizda tashkil etiladigan yangi yo’nalishlar uchun qo’shma dasturlar ishlab chiqilishi ham nazarda tutildi.

Turkiy xalqlarning tarixi, madaniyati va tilini tadqiq etish ham chinakam millatsevar kadrlarni tayyorlashning birlamchi omilidir. Universitetimiz rektori mazkur hamkorlik aloqalarining yo'lga qo'yilishi turkiy xalqlarning ildizlari bir bo'lgan madaniyatini qayta birlashtiruvchi omil bo’lishini alohida ta’kidlab o’tdi.

Marmara universitetining ko‘p yillik ilg'or tajribalarini o‘rganish,  ular bilan ilmiy, pedagogik,  uslubiy jabhalarda hamkorlik qilish biz uchun g'oyat manfaatli bo‘ladi, degan umiddamiz.

O‘z navbatida, turkiy xalqlarning eng boy tarix va madaniyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonning eng nufuzli oliygohi bilan hamkorlik turkiyalik hamkasblarimiz uchun ham har jihatdan foydali ekanligi Marmara universiteti vakili Mustafa Chelen tomonidan ta'kidlandi. Mehmonlar universitetimizga yuksak ishonch bildirib, o’zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yanada rivojlantirish har ikki ta'lim dargohi uchun birdek manfaatli ekanini qayd etishdi.

ToshDO’TAU dunyoda O’zbekistonning o’z o’rniga ega ekanligini jahonga namoyish etish yo’lidagi samarali va natijali harakatlarini davom ettiradi.