Yangiliklar

img
Mon, 08/25/2025 - 09:41

“Nutq texnikasi va madaniyati” mavzusida psixolingvistik trening o‘tkazildi

O‘zbek tilshunosligi kafedrasi “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida talabalarning nutq madaniyati va nutq texnikasini oshirish, ularni filologik faoliyatga puxta tayyorlash hamda amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli psixolingvistik treningni Zoom ilovasi orqali tashkil etdi. Mazkur mashg‘ulotda Tarjima nazariyasi va amaliyoti hamda Filologiya fakulteti 3-bosqich talabalari ishtirok etib, nazariy tushunchalar bilan bir qatorda nutqiy faoliyatning real kommunikativ vaziyatlarida qo‘llaniladigan usullarni ham o‘rgandilar.
Trening davomida yaxshi notiq bo‘lish mezonlari batafsil sharhlab berildi: suhbatdoshni o‘ziga ishontirish texnikasi, muloqotda dalillash va ishonarli argumentlar keltirish tamoyillari, auditoriya bilan psixologik kontakt o‘rnatish va uni saqlab turish yo‘llari, shuningdek, tinglovchining diqqatini uzoq muddat mobaynida jalb qilib turishning muhim omillari yoritildi. Nutq madaniyati kontekstida muloqot etiketi, mavzuni izchil rivojlantirish, savol-javobni samarali boshqarish, suhbatni qiziqarli va mazmunli tashkil etish kabi jihatlar izohlandi.
Amaliy qismda talabalarning nutqi bilan bevosita ishlanib, gap tuzilishi, mazmunning mantiqiy uyg‘unligi, fikrning ravon ifodalanishi, intonatsiya va pauza bilan ishlash, auditoriya reaktsiyasiga mos ravishda nutq tempini sozlash kabi ko‘nikmalar mustahkamlandi. Shuningdek, talabalarga o‘z nutqini qisqa va lo‘nda xulosalar bilan yakunlash, mavzuni auditoriya ehtiyojlariga moslashtirish, misol va mini-senariyalar orqali fikrni jonlantirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

  

Trening jarayoni interfaol muloqot ruhida kechdi: ishtirokchilar o‘z nutq namunalari ustida tahlil olib borishdi, tinglovchining diqqatini jalb etish usullarini sinab ko‘rishdi, ishontirish texnikalarini kichik vaziyatli mashqlar orqali qo‘lladilar. Jarayon davomida ta’limiy maqsadlar bilan birga talabalarning kasbiy o‘zini anglashi, sahnadagi ishonch (self-confidence) va auditoriya oldida erkin chiqish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Mazkur mashg‘ulot talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi, ularning faol ishtiroki va o‘zaro fikr almashinuvi bilan samarali yakunlandi. Trening natijalari talabalarning nutqiy madaniyatini yuksaltirish, kelgusida filologik-amaliy faoliyatda zarur bo‘ladigan kommunikativ kompetensiyalarni shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.