Yangiliklar

img
Mon, 09/25/2023 - 17:36

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni

Mamlakatimizda bugun buyuk ajdodlarimiz merosiga qaratilayotgan e’tibor, ulardan qolgan boy ilmiy adabiy merosni tadqiq etish har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi  Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi” qarori ham mana shunday e’tiborning bir namunasi hisoblanadi. Mazkur qarorga asosan 2023-yilning 25-26-sentabr kunlari Alisher navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni” mavzusidagi uluslararo ilmiy-nazariy konferansi bo‘lib o‘tdi.


Konferansda dunyoning eng yetuk boburshunos olimlari, turli tashkilot va idoralar vakillari, tadqiqotchilar ishtirok etdi. Italiya, Yaponiya, Rossiya, AQSh, Turkiya, Eron singari mamlakatlardan Bobur vataniga tashrif buyurgan sharqshunos, filolog va turkolog olimlar jam bo‘lib, dunyo tarixida muhim o‘rin tutgan sarkarda hamda yetuk ijodkor Bobur shaxsi, faoliyati, ijodi, qolaversa, u asos solgan ulkan saltanat tarixiga doir eng so‘nggi tadqiqotlarining natijalari bilan bo‘lishdilar.


Jahon ilm-fani taraqqiyotida Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining o‘rni va ahamiyati katta. Xususan, “Boburnoma” XVI asrgacha bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tushunchalarni qamrab olgan, barcha sohalarda qimmatli ma’lumotlar beruvchi, o‘zbek xalqining jahondagi boshqa millatlar bilan adabiy-madaniy aloqalari tarixini yoritishga xizmat qiladigan noyob manbadir. Afsuski, hanuzgacha ko‘plab manbalarda Boburiylar davlatiga nisbatan Buyuk mo‘g‘ul imperiyasi degan yanglish ta’rif qo‘llaniladi. Garchi Bobur o‘z memuar asarida turkiyligi, temuriylar sulolasidan ekanligiga alohida urg‘u berib, bobokalonlari bilan faxrlanishini qayd etgan bo‘lsa-da, ilmiy jamoatchilik eski xato qolipdan chiqib keta olmayapti. Ushbu konferansda aynan G‘arb olimlari tomonidan bu tarixiy yondashuv noto‘g‘ri ekanligi bot-bot takrorlandi. Xususan, anjuman yalpi majlisida so‘zga chiqqan  “Boburnoma” ilmiy-tanqidiy matni muallifi, Yaponiya ilmiy akademiyasi akademigi Eijo Mano, italiyalik siyosatshunos, publitsist, “Sandro Teti Editore” nashriyoti asoschisi va rahbari Sandro Teti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov, Rossiya fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Darya Jigulskaya va boshqalar ayni mavzuda yakdil xulosalarini bayon etdilar.


Anjumanga taqdim etilgan 100 dan ortiq maqola va tezislar Bobur hayoti va ijodini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqadi hamda kelgusi yirik tadqiqotlar uchun asos bo‘ladi.