Yangiliklar

img
Thu, 11/30/2023 - 17:33

Yosh filologlar olimlarning an'anaviy anjumani bo'lib o'tdi

Oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish  va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirish, mamlakatimiz hamda jahonda filologiya sohasi bo‘yicha ta’lim olayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Yosh filolog olimlar” jamiyati tashabbusi bilan har yili “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusidagi talabalarning ilmiy-amaliy anjumanini o‘tkazish an’anaga aylangan. Quvonarlisi, hozirgi kunda “Yosh filolog olimlar” jamiyatiga 1200 nafarga yaqin talaba a’zo bo‘lgan. 
2023-yilning 30-noyabr kuni “Filologiya masalalari - yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumani sakkizinchi bor  tashkil etildi. Konferensiyada Rossiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarning 15 ta yetakchi universitetlaridan qatnashchilar o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etmoqdi.

 

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan  bunday konferensiyalarda ishtirokchilar soni yildan yilga oshib bormoqda. Jumladan, 2022-o‘quv yilida jami 151 ta maqola qabul qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilda 310 tani tashkil etmoqda. 
Konferensiya yalpi majlisini Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov boshlab, anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi va talabalarga katta ishonch bildirdi.

 

Anjuman Turkiy tilshunoslik masalalari, Umumiy tilshunoslik muammolari, Jahon adabiyoti, qiyosiy adabiyotshunoslik va  tarjimashunoslik masalalari, Turkiy xalqlar adabiyoti va adabiyotshunosligi muammolari, Folklorshunoslik va shevashunoslik muammolari,  Til va adabiyotini o‘qitish metodikasi sho‘balari bo‘yicha faoliyatini davom ettirdi. 
Anjuman so‘ngida har bir ishtirokchiga sertifikatlar topshirildi, “Eng dolzarb mavzudagi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola”, “Eng tirishqoq yosh mutaxassis” deb topilgan ilmiy ish mualliflari esa diplom bilan taqdirlandilar.