Bir ixtiro tarixi

O‘zbek tili raqamli makonda: Til korpuslari nima uchun muhim?

Sun’iy intellekt davrida ona tilimizni zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, uni internet va kompyuter tili sifatida boyitish qanday amalga oshirilmoqda?

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori, korpusshunos olima Manzura Abjalova bu savolga videoda o‘zining ilmiy izlanishlari va amaliy misollar bilan batafsil javob beradilar.

Videoda nimalarni bilib olasiz?

  • Soniyalardagi qidiruv: 100lab kitoblar ichidan kerakli so‘zni, uning ma’no qirralari va kontekstini bir necha soniyada topib beruvchi intellektual tizimlar;
  • 20 turdagi multikorpus: Gazetalar, darsliklar, badiiy adabiyotlar va parallel tarjima bazalari;
  • Sun’iy intellekt va ta'lim: Ovozli yordamchilar o‘zbek tilini tushunishi uchun yaratilayotgan noyob elektron baza va lug‘atlar.

Ona tilimizning ilmiy salohiyati va raqamli kelajagiga befarq bo‘lmasangiz, videoni albatta ko‘ring!

Videoni koʻrish

O'zbek tili nutq sintezatori qanday yaratildi?

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimasi, filologiya fanlari doktori Munavvara Qurbonova jamiyatimizdagi eng faol, shijoatli va novator tadqiqotchilardan biri.

Olima tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar ko‘p bor e'tirof etilgan.

Ushbu dasturda zukko va ortga chekinmas olimaning ilmiy yo‘li haqida so‘z boradi.

Albatta, ko‘ring.

Tomosha qilish

Uzacademy platformasi yaratildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son qarori asosida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Uzacademy internet platformasi yaratildi.

Platformada o‘zbek tilini A1 boshlang‘ich darajadan C1 yuqori darajagacha o‘rganish imkoniyati yaratilgan. Har bir daraja 12 ta darsni qamrab oladi va ular videodars hamda tinglab tushunish, o‘qish, yozish, gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga mo‘ljallangan mashqlardan iborat.

Qulay va zamonaviy interfeys, videomateriallar va interaktiv topshiriqlar til o‘rganish jarayonini yanada samarali tashkil etishga yordam beradi. Til ta’limining autentik materiallar va milliy-madaniy kontekst bilan uyg‘unlashtirilishi esa o‘rganuvchilarga o‘zbek tilini real muloqot vaziyatlari bilan bog‘liq holda o‘zlashtirish imkonini beradi.

Uzacademy faqat til o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Platformada O‘zbekiston tarixi, adabiyoti, san’ati, musiqasi, kinosi, milliy urf-odatlari, qadriyatlari va kundalik turmush madaniyatiga oid ko‘plab yo‘nalishlar jamlangan. Shu tariqa til ta’limi va madaniy-ma’rifiy resurslar yagona raqamli manzilda birlashtirilgan.

Platformadan Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida tashkil etilgan O‘zbekshunoslik dasturida, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazlarida ham foydalanilmoqda.

Uzacademy o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirish, milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish va o‘zbekshunoslikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Platformani ochish