
Yevropa Ittifoqi ta'lim ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi
2023-yilning 9-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va Erasmus+ milliy ofisi tomonidan tashkil etilgan 2- ta'lim ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi. Ko'rgazmada Yevropaning qator yetakchi universitetlari va xalqaro akademik tashkilotlari o'z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Yevropa Ittifoqi ta'lim ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi va mahalliy OTMlar ko‘magida o‘tkazildi.
“Yevropa Ittifoqi ilg‘or ta'lim va tadqiqot markazi sifatida mashhur. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida dunyoning yetakchi universitetlari joylashgan, bu uni global oliy ta'lim bozorida muhim ishtirokchiga aylantiradi, u o‘zbekistonlik talabalarni quchoq ochib kutib oladi. O‘zbekistonning yanada gullab-yashnashi uning iqtidorli yoshlariga bog‘liq. Ta'lim shaxsiyat rivojlanishi uchun muhim poydevorni tashkil qiladi. Yevropa Ittifoqi universitetlarida olingan oliy ta'lim global bilim va ko'nikmalarni yaratadi, bitiruvchilar o'z vatanlariga qaytganlaridan so'ng, butun mamlakat taraqqiyotiga albatta hissa qo'shadilar”, - deya, e’tirof etdi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim.
Yevropa Ittifoqining bir qancha mamlakatlari, jumladan Belgiya, Bolgariya, Chexiya, Fransiya, Germaniya, Ruminiya va Ispaniya o‘zlarining balakavriat, magistratura va aspirantura dasturlarini taqdim etdilar.
Tadbirda o‘zlarining akademik yutuqlari bilan mashhur Buxarest universiteti va Berlin Erkin universiteti kabi muassasalar qatnashdi. Ko‘rgazma tufayli yuqori sinf o‘quvchilari va universitet talabalari Yevropa Ittifoqining ilg‘or ta'lim imkoniyatlari haqida ko‘proq xabardor bo‘lish imkonini qo‘lga kiritdilar.
Erasmus+ning 2024-yil uchun navbatdagi arizalar qabul qilishi arafasida Yevropa Ittifoqi va mahalliy universitetlar Erasmus+ loyihalari doirasida institutsional hamkorlikni o‘rgandilar. Erasmus+ individual stipendiyalari, shuningdek YIga a'zo mamlakatlar milliy stipendiyalari to‘g‘risidagi axborot yoshlar e'tiborini jalb qildi.