Yangiliklar

img
Mon, 04/11/2022 - 17:26

Universitetimizga Ozarbayjon delegatsiyasi tashrif buyurdi

Joriy yilning 11-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida Ozarbayjon delegatsiyasi bilan uchrashuv hamda  «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodida turkona tafakkur va g'oyaviy badiiy asos» monografiyasining taqdimoti bo’lib o’tdi. Mazkur uchrashuv Haydar Aliyev nomidagi  Ozarbayjon Madaniyat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti va Fuzuliy nomidagi o’zbek-ozarbayjon ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkillashtirildi.

Universitetimizga Ozarbayjon Milliy majlis “Fan-talim, madaniyat qo’mita”si raisi Ganira Pashshayeva, Ozarbayjon Madaniyat vazirligi boshqarmasi boshlig'i Akif Marifli, Ozarbayjon Respublikasi Ganja viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Vasif Jannatovlar boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti kafedrasi mudiri, professor Nurboy Jabborov anjumanni kirish so’zi bilan ochib berdi.

Shuningdek, uchrashuvda Haydar Aliyev nomidagi  Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Yoshlar ishlari va maʼnaviy - maʼrifiy ishlar prorektori Bahodir Xoliqov, Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova, universitet yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti yetakchisi Orifjon Olimjonov hamda “Fuzuliy dilbandlari” to’garak a’zolari ishtirok etishdi.

Mehmonlar tomonidan «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ijodida turkona tafakkur va g'oyaviy badiiy asos» monografiyasining mualliflari professor Sh.Sirojiddinov hamda Gulbahor Ashurovaga iliq fikrlar bildirildi. Mazkur monografiyada dunyo adabiyotining dohiy namoyandalaridan boʼlgan Nizomiy Ganjaviy va Аlisher Navoiy merosi, uning oʼrganilishi, har ikki shoir va mutafakkirning badiiy-falsafiy qarashlari, ularda turkona tafakkur va gʼoyaviy badiiy asos, sharq madaniyati, turkiy milliy-madaniy merosga qoʼshgan hissasi, hassos sheʼriyati va ikki “Xamsa”dagi oʼziga xosliklar tadqiq etilgan.

Toshkentdagi Nizomiy Ganjaviy haykali xalqimizning Nizomiy dahosiga bo’lgan hurmati, qardosh ozarbayjon xalqiga, qadimiy tarixi, madaniyati, asrlar osha sinalgan  mustahkam irodasi, yorqin kelajagiga hurmat va ishonch ramzi bo’lsa, Bokuda Alisher Navoiyga qo’yilgan muhtasham haykal ham ozarbayjon xalqining o’zbek xalqiga bo’lgan chuqur ehtiromi ifodasidir. Ikki qardosh xalqni ilm-ma’rifat va albatta izlanuvchan yoshlar birlashtirishi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Ozarbayjon xalq artisti, xushovoz xonanda Gulyanaqxonim Mammedova jarangdor ovozi hamda ozarbayjon qo’shiqlari bilan talabalarda ajoyib taassurot qoldirdi. Taniqli xonanda o’zbek musiqalari va Navoiy g’azallaridan ham ijro qilib, barcha qatnashchilarni hayratga soldi.

 

Mehmonlar mazkur tadbirni ko’tarinki ruhda tashkil etishda jonbozlik ko’rsatgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti Xalqaro aloqalar ofisiga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Ikki xalqning do’stligi, qardoshligi, adabiyotlarimiz  mushtarakligi  abadiy bo’lsin!