Yangiliklar

img
Mon, 04/25/2022 - 15:40

Universitetimizda yana bir muhim hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi

Joriy yilning 25-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti, N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod davlat lingvistika universiteti hamda "Rossotrudnichestvo"ning Toshkentdagi vakolatxonasi vakillari bilan madaniy va samarali hamkorlik istiqbollari yuzasidan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Tadbirni universitetimiz Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Nozliya Normurodova kirish so’zi bilan boshlab berdi.

"Rossotrudnichestvo"ning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari M. Vojdayev so’z boshida mazkur uchrashuv haqidagi iliq fikrlarini bildirdi. NDLU rektori, filologiya fanlari doktori, professor Janna Nikonova o‘z ma'ruzasida ikki davlatning strategik hamkorligi ilm-fan, ta'lim va madaniyat sohalarida ham yaxshi natijalarga erishishda muhim omil bo‘layotganini qayd etdi.

Uchrashuvda NDLU rektori universitetimizga hamkorlik loyihalari bo’yicha takliflar berdi. Jumladan, 17-mayda bo’lib o’tadigan “Ochiq dialog” platformasida ToshDO‘TAU ishtirokini ta'minlash, Pushkin tavalludiga bag’ishlangan xalqaro dasturlarda hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining talabalar uchun “Akademik ta’lim maktabi” loyihasida qatnashishni taklif etdi. Bundan tashqari, Janna Nikonova ta’lim grantlaridan biri bo‘lgan “Tarixiy xotirani saqlash” loyihasida ishtirok etish orqali NDLUda ta'lim olish imkoniyatini mavjudligini ma'lum qildi.

Mehmonlar o‘zaro hamkorlikda turli olimpiadalar tashkil etish bo‘yicha ham taklif bildirishdi.  

Jarayon yakunida universitetimizning strategik hamkori, NDLU rektori,  yetuk olima,  filologiya fanlari doktori, professor Janna Viktorovna Nikonova ToshDO’TAU faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, mazkur tadbirda universitetimiz talabalari tomonidan o‘zbek va rus milliy raqslari, monolog va taqdimotlar namoyish etildi.

Tadbirda NDLU xalqaro hamkorlik va siyosat oliy maktabi dekani, professor Svetlana Kolobova  “Zamonaviy ish yuritish kommunikatsiyalari: dialog va hamkorlik istiqbollari” mavzusida o’z fikrlarini bayon qildi.

Talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Svetlana Kolobova  barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.  

 

Mehmonlar universitetimizga yuksak ishonch bildirib, o’zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yanada rivojlantirish har ikki ta'lim dargohi uchun birdek manfaatli ekanini qayd etdilar.