
Universitetimiz xalqaro ilmiy anjuman ishtirokchisi
Joriy yilning 11-mart kuni Nijniy Novgorod davlat lingvistika universitetida "Maktab va universitetlarning chet tili darslarida mintaqaviy madaniyat" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy vebinar boʻlib oʻtdi. Tadbir Innovatsion lingvodidaktika ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tomonidan tashkil etildi. Ilmiy anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, I. Kant nomidagi Boltiq federal universiteti, Shimoliy-Sharqiy Federal Universiteti, NDLU innovatsion lingvodidaktika ilmiy tadqiqot laboratoriyasi vakillari ishtirok etdi. Vebinar o‘quv muassasalari faoliyatining taʼlim mazmuni va vazifalari, ilmiy ishlarni tartibga soluvchi zamonaviy taʼlim yoʻnalishi tamoyiliga bagʻishlandi. So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, mazkur tamoyil asosida ta’lim muassasalarining ijtimoiy-madaniy shakllantiruvchilik vazifasi sezilarli darajada kengaydi. Vebinar ma'ruzachilari tinglovchilarni maktab va universitetda chet tillari bo'yicha sohaga doir materiallarni sinfda ham, darsdan tashqari mashg'ulotlarda ham joriy etish tajribasi bilan tanishtirdilar. Ilmiy anjuman NDLU innovatsion lingvodidaktika ilmiy laboratoriyasi mudiri, t.f.n, dotsent Glumova Elena tomonidan olib borildi. Mazkur vebinarda Amosov nomli Shimoliy-Sharqiy Federal universiteti ingliz filologiyasi kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari doktori Parnikova Galina, Chet tillarni o‘qitish metodikasi, pedagogika va psixologiya kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori Olga Oberemko, I. Kant nomidagi Boltiq federal universiteti ta'lim instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Nasirova Anna, M.K. Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy Federal Universiteti, Xorijiy filologiya va mintaqashunoslik instituti katta o‘qituvchisi Stepanova Zinaida, “Chet tillarini o‘qitish metodikasi” kafedrasi aspiranti Chelovskaya Alena, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Zulxumor Jumanovalar mavzu yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.
Shuningdek, NDLU - Tilshunoslik, pedagogika va psixologiya oliy maktabi yosh olimlari - Valeriya Suxareva va Alena Chelovskaya rus talabalarining lingvistik, estetik, ijtimoiy-psixologik va axloqiy jihatlariga doir xususiyatlarini hisobga olish bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi.