
Universitetimiz xalqaro hamkorligi kengaymoqda
Joriy yilning 30-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, universitet Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova va Turkiya elchixonasining Matbuot bo'yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju janoblari bilan hamkorlik uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda o’zaro hamkorlikni yo’lga qo’yish va uni rivojlantirish bo’yicha qator masalalar ko’rib chiqildi. Jumladan, universitetimizda 2022-yil noyabr oyida bo’lib o’tadigan “Turkiy tillar qurultoyi”da Ho'ja tepa universiteti vakillarining ishtirok etishi, mazkur universitet bilan akademik almashinuvni yo'lga qo'yish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, O’zbekiston-Turkiya noshirlari o’rtasida hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish, tarjimonlik sohasida ham yakdillik bilan ish yuritish, tarjima va noshirlik uchun maxsus tashkilotni ochish kabi takliflar muhokama qilindi. Shuningdek, universitetimiz rektori tomonidan taqdim etiladigan o'zbek adabiyotining durdona asarlari Turkiyada ham nashr etilishi kutilmoqda.
Turkiya elchixonasining Matbuot bo'yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinovga o’z minnatdorchiligini bildirdi.
Universitetimiz rektori o’zaro hamkorlik aloqalari uzoq yillar davom ettirilishiga ishonch bildirdi. Ma’lumot uchun, Hamdi Turshuju janoblari, ayni paytda, O’zbekistonning qator universitetlarida, jumladan, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti hamda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o’zbek tili fanidan dars mashg’ulotlari o’tmoqda.