
Turkiyaning Sakarya universiteti bilan hamkorlik o'rnatildi
2023-yilning 21-avgust kuni universitetimizga Turkiyaning sakarya amaliy fanlar universiteti rektori Mehmet Saribiyik boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida Sakarya universiteti Texnologiya fakulteti professori Sinan Serdar O'zkan, Til ta’limi ilmiy - amaliy markazi mudiri Serhat Kujuk ham bor. Mehmonlarni universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov kutib oldi. Shuhrat Sirojiddinov mehmonlarga ToshDO'TAUning tarixi, missiyalari va oldindagi rejalari haqida so'zlab berdi. O'z navbatida mehmonlar ham Sakarya universitetining tashkil etilganiga 5 yil to'lganini, ammo universitet salohiyatli kadrlar tayyorlashda ilg'or ekanligini qayd etdilar. Sakarya universiteti texnologiya va turizm sohasida Turkiyaning eng peshqadam OTMlaridan biri sanaladi. Subat davomida mehmonlar bilan turizm va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlik aloqalarini o'rnatish va birgalikda turli yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Xususan, hamkorlikda Erasmus+ dasturi doirasida yangi loyihalar tayyorlash, suvni tejash va atrof muhit tozaligini saqlashga xizmat qiluvchi texnologiyalarni joriy etish masalalarida aniq takliflar bildirildi.
Muzokaralar yakunida har ikki universitet rektorlari o'zaro hamkorlik memorandumiga imzo chekdilar.