Yangiliklar

img
Sat, 01/22/2022 - 13:08

Turkiy tillar etimologiyasi tadqiqi mavzusidagi xalqaro ilmiy seminar

2022-yilning 20-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Turkiya Jumhuriyatining   4 yetakchi OTMlari : Istambul universiteti, Marmara universiteti, Suleyman Demirel universiteti hamda Bilejik Sheyx Edebali universiteti bilan hamkorlikda  “TURKIY TILLAR ETIMOLOGIYASI  TADQIQI”  mavzusidagi   Xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi.    
Seminarni ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori  filologiya fanlari doktori,  dotsent Zaynabiddin Abdirashidov ochib berdi.
 ToshDO‘TAU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori filologiya fanlari doktori, dotsent  Nozliya Normurodova, Istambul universiteti Adabiyot fakulteti dekani filologiya fanlari doktori, professor  Hayati Develi xalqaro hamkorlikning ahamiyati, etimologiya sohasida birgalikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ilmiy loyihalar, soha mutaxassislari tomonidan hamkorlikda yaratilishi rejalashtirilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, lug‘atlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
  Seminarda tilshunoslik sohasida uzoq yillardan beri samarali faoliyat olib borayotgan taniqli olimlarning ma’ruzalari tinglandi. ToshDO‘TAU  Til nazariyasi kafedrasi professori filologiya fanlari doktori Hamidulla Dadaboyevning “Devonu lug‘otit turk”dagi ayrim ornitonimlar etimologiyasi”, Marmara universiteti Turk tili va ijtimoiy  fanlarni o‘qitish bo‘limi boshlig‘i  filologiya fanlari doktori,  professor   Mehmet O‘lmezning “Türk Dilinin Etimoloji Sözlükleri”, ToshDO‘TAU   O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani filologiya fanlari doktori, professor   Baxtiyor Abdushukurovning  “Devonu lug‘otit turk”dagi ayrim ornitonimlar etimologiyasi”,  Marmara universiteti Turk tili va ijtimoiy  fanlarni o‘qitish bo‘limi boshlig‘i filologiya fanlari doktori, professor   Mustafa Sinan Kachalinning “Yakın Manaların Uzaklıkları”,  ToshDO‘TAU  Til nazariyasi kafedrasi mudiri filologiya fanlari  fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanovaning  “Boburnoma”dagi etimologik kuzatishlar”, Bilejik Sheyx Edebali universiteti professori filologiya fanlari  fanlari doktori İbrahim Tashning Filolojide “‘Zıtlık’ ve ‘Yakınlık’ İlkesi”, ToshDO‘TAU     katta  o‘qituvchisi Jo‘ra Xudoyberdiyevning “O‘zbek tili etimologik lug‘ati”ning yaratilish tarixi haqida”, Suleyman Demirel universiteti Turk tili va ijtimoiy fanlarni o‘qitish bo‘limi boshlig‘i filologiya fanlari doktori, dotsent  Faysal Okan Atasoyning  “Sözlükçülük” mavzusidagi qiziqarli, ilmiy yangiliklarga boy ma’ruzalari katta e’tibor bilan tinglandi. Ma’ruzalar yuzasidan mulohazalar bildirildi. Etimologiya sohasidagi dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi, istiqboldagi hamkorlik rejalari tuzildi.
  Xalqaro ilmiy seminarda hamkor tashkilotlarning professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrantlari, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya davlatlarining seminar tashkilotchilari doimiy hamkorlik qiladigan OTMlari vakillari ishtirok etdi va o‘z mulohazalarini bildirdi.