ToshDOʻTAUda professor-oʻqituvchilar uchun seminar-treninglar oʻtkazildi
2025-yil 6-yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv-uslubiy seminar-treninglar boʻlib oʻtdi. Tadbirni universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Oʻz nutqida u mamlakatda oliy taʼlim tizimini isloh qilish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, tizimdagi muhim oʻzgarishlar va belgilangan ustuvor vazifalar haqida batafsil soʻz yuritdi. Rektor, xususan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 2-dekabrdagi 451-sonli va 452-sonli buyruqlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-dekabrdagi 836-son qarori mazmun-mohiyatini yoritib berdi. Ushbu hujjatlar talabalar bilimini baholashda shaffoflikni taʼminlash, apellyatsiya jarayonlarini takomillashtirish, dars mashgʻulotlarida ishtirokni nazorat qilish hamda davlat attestatsiyalarini tashkil etishga oid muhim yoʻnalishlarni belgilab berdi. Shuningdek, rektor oliy taʼlim muassasalarining tashkiliy tuzilmasida boʻlayotgan yangiliklarga toʻxtalib, universitet ilmiy ishlar, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori lavozimiga Nozliya Normurodova tayinlanganini eʼlon qildi. Seminarning dastlabki qismida oʻquv boʻlimi boshligʻi V. Nazarov maʼruza oʻqib, oliy taʼlim tizimidagi meʼyoriy hujjatlar va ular bilan bogʻliq yangi talablarga toʻxtaldi. U Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 451-sonli va 452-sonli buyruqlari hamda 836-son qarorining amaliy jihatlarini atroflicha tahlil qildi. Maʼruzada talabalar bilimini baholash jarayonlaridagi o‘zgarishlar, apellyatsiya jarayonlarini adolatli tashkil etish mexanizmlari va davlat attestatsiyalarini tashkil qilishda oliy taʼlim muassasalarining masʼuliyati keng yoritildi. Bu yoʻnalishdagi islohotlar taʼlim jarayonini yanada oshkora va samarali qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Keyingi maʼruza Ta’lim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi O. Sunnatov tomonidan taqdim etildi. U joriy oʻquv yilidagi oʻquv-meʼyoriy hujjatlar bilan bogʻliq masalalarni atroflicha koʻrib chiqib, oʻquv jarayonida uchrayotgan muammo va kamchiliklarga eʼtibor qaratdi. Maʼruzachi oʻz nutqida hujjatlar bilan ishlashda koʻp uchrayotgan amaliy xatolarni sanab oʻtib, ularni bartaraf etish boʻyicha samarali yechimlarni taklif qildi. U taʼlim sifatini oshirish uchun pedagoglarning oʻz ustida ishlashi va yangi yondashuvlarni faol qoʻllashi lozimligini alohida taʼkidladi. Seminarning yakuniy qismida A. Yoʻldoshev HEMIS tizimining yangi funksiyalari haqida maʼruza qildi. U tizimning oʻquv jarayonida tutgan oʻrni, talabalar bilimini raqamli formatda kuzatish imkoniyatlari hamda HEMIS orqali maʼlumotlarni boshqarishning qulayliklariga toʻxtaldi. Maʼruzachi tizimdan samarali foydalanish boʻyicha oʻqituvchilarga amaliy tavsiyalar berdi va ishtirokchilar bilan fikr almashdi. Seminar davomida barcha ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mavzular yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega boʻldilar. Mazkur tadbir nafaqat bilim almashish, balki taʼlim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi gʻoyalarni shakllantirish uchun samarali maydon vazifasini oʻtadi. Universitet rahbariyati bunday seminar-treninglarni muntazam oʻtkazishni rejalashtirgan boʻlib, taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda.