Yangiliklar

img
Tue, 05/31/2022 - 16:07

Times Higher Education reyting agentligi tomonidan seminar-trening tashkil etildi

Joriy yilning 31-may kuni Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Times Higher Education reyting agentligi tomonidan “THE World University Rankings (WUR) global reyting metodologiyasi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Mazkur seminar-treningda universitetimiz Xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Nozliya Normurodova hamda universitet Xalqaro reyting va strategik rivojlanish bo'limi boshlig’i Zuhra Hakimova ishtirok etdi.

Seminarni O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari Hakimov Rahim Rasuljonovich kirish so’zi bilan ochib berdi. O’zbekiston Respublikasi Prezident ta’lim muassasalari direktori Umarova Hilola Uktamovna hamda THE reyting agentligi boshqaruv direktori Elizabet Shepard ham so’zga chiqishdi. Seminarda THEWUR global reyting metodologiyasi haqida to’liq ma’lumot berildi. Mazkur seminarda universitet mavqeyini xalqaro reytinglarda ham yuqori o’rinlarga ko’tarish metodlari ko’rib chiqildi.

Seminar-treningda THE reyting agentligining mintqaviy direktori Lachin Italmazovaning mavzu doirasidagi taqdimoti namoyish qilindi. Lachin Italmazova The Impact Rankings reytingi uchun zarur bo'lgan umumiy talablar va barqaror rivojlanish maqsadlarining tahliliy platformasi haqida batafsil tushuntirish berdi.  Jarayon davomida Oʼzbekiston oliy ta'lim muassasalari tahliliy natijalari koʼrib chiqildi va Xalqaro reyting boʼlimi xodimlari o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Ma'lumot uchun, universitetimiz 2022-yil aprel oyida top 1000+ universitetlar ro'yxatiga kiritildi. Unga ko'ra, ToshDO'TAU 17 yo’nalishdagi Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (SDGs) orasidan sakkiztasida ishtirok etdi. Universitetimiz "Sifatli ta'lim ta'minlash (SDG4)" bo'yicha saralangan 1000 dan ziyod dunyo universitetlari orasidan faxrli 600-o'rinni egalladi, "Barqaror taraqqiyot uchun tinch va inklyuziv jamiyatlarni targ'ib qilish (SDG16)"  hamda "Gender tengliga erishish (SDG 5)" bo'yicha yuqori  ko'rsatgichga ega bo'ldi.