Yangiliklar

img
Mon, 04/11/2022 - 20:23

Ta'limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O'zbekiston taraqqiyotidagi o'rni

2022-yilning 11-aprel kuni “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida “Ta’limdagi xalqaro tadqiqotlarning Yangi O’zbekiston taraqqiyotidagi o’rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi.  Konferensiya ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqqiyot tashkiloti, Jahon banki, YUNISEF, YUNESKO tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.

O’zbekistonda PISA-2022 asosiy sinov jarayonining ramziy ochilish marosimiga start berish, mamlakatda ta’lim natijalarini keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyatga yetkazish hamda istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida o’tkazilgan mazkur anjumanda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va barcha vazirliklar hamda oliy ta’lim muassasalarining vakillari ishtirok etdi. Jumladan,  universitetimiz rektori Sh. Sirojiddinov va Xalqaro aloqalar bo’yicha prorektor Nozliya Normurodova universitetimizni milliy va xorijiy reytinglardagi o’rnini oshirish maqsadida ushbu konferensiyada qatnashdi.

Konferensiyadan O’zbekiston ta’limidagi islohotlar haqida xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish, mamlakatning xorijiy reytinglardagi o’rnini mustahkamlash, O’zbekistonning nufuzini yanada yuksaltirish orqali xalqaro investitsiyalar oqimini kengaytirishda muhim o’rin tutishi kutilmoqda. PISA tadqiqoti 15-16 yoshli o’quvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy, o’qish savodxonligi va kreativ fikrlash qobiliyatini baholashga qaratilgan.

Shuningdek, mazkur loyiha doirasida universitetimiz o’qituvchisi, pedagogika fanlari bo’yicha falsafa doktori Klaraxon Mavlonova va magistr Shokir Tursunov baholash tizimi bo’yicha izlanishlar olib borib, YUNISEF xalqaro donor fondlar loyihasida ham ishtirok etmoqda.  Ushbu konferensiya bugungi kunda yangilanish va islohotlar yo’lidan borayotgan Yangi O’zbekiston bilan ta’lim sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilotlar o’rtasida o’zaro amaliy hamkorlik o’rnatishda poydevor bo’lib xizmat qiladi.