Yangiliklar

img
Wed, 12/18/2024 - 19:37

Ta'lim natijakorligi: sifatni oshirish bo'yicha strategiyalar va ilg'or tajribalar

2024-yil 17-18-dekabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Erasmus+ ning Oʻzbekistondagi milliy ofisi bilan hamkorlikda “Ta'lim natijakorligi: sifatni oshirish bo'yicha strategiyalar va ilg'or tajribalar” mavzusida onlayn seminar tashkil etdi. Seminarda 200 dan ortiq mahalliy oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir barcha uchun YouTube tarmog‘ida jonli translyatsiya qilindi. Ushbu seminar oliy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ta’lim samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi. 
Seminarda xorijiy va mahalliy ekspertlar turli mavzularda qimmatli ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.  Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Nozliya Normurodova O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish istiqbollari haqida atroflicha ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida oliy ta’limning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, universitetlarni xalqarolashtirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilash yo‘nalishlaridagi muhim masalalarga to‘xtaldi. U oʻz ma’ruzasida universitetlarning dunyo miqyosidagi ilmiy va akademik hamkorliklarini kengaytirish orqali talabalar va professor-o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, u ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Har bir fuqaro, jumladan, imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy tenglikni ta’minlash masalasini oliy ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida ko‘rsatdi. Mutaxassis ushbu yondashuvni joriy qilishda ta’lim muassasalarining zamonaviy infratuzilmasini yaratish va o‘quv jarayonlarini moslashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Nozliya Normurodova o‘z ma’ruzasida, shuningdek, so‘nggi yillarda davlat miqyosida amalga oshirilgan ta’lim islohotlari haqida ham to‘xtaldi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash va xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samaradorligiga alohida urg‘u berdi. U ta’lim standartlarini xalqaro mezonlarga moslashtirish, ta’lim dasturlarini yangilash va universitetlarning global miqyosdagi akademik faoliyatini kengaytirish orqali milliy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etdi.

  

Nozliya Normurodovaning ma’ruzasi seminar ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va oliy ta’lim tizimining kelajakdagi istiqbollari borasida muhim mulohazalar almashinuvi uchun zamin yaratdi.
Zagreb universiteti professori Melita Kovacevic oliy ta’limda akkreditatsiya va sifatni boshqarish mexanizmlari haqida so‘z yuritdi. U xalqaro tajribaga asoslanib, ta’lim muassasalarining samaradorligini oshirishda akkreditatsiya tizimining o‘rni va zarurligini ta’kidladi. 

  

Navarra klinik universiteti professori Francisco G. Grima raqamlashtirishdagi eng yaxshi tajribalar mavzusida o‘z ma’ruzasini taqdim etdi. Professor o‘quv jarayonlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish va ularning samaradorligini oshirish usullari bo‘yicha amaliy tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. 
Namangan davlat chet tillar instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, professor Pulatxon Lutfullayev oliy ta’lim muassasalarida sifatni boshqarish mexanizmlari va raqamlashtirishdagi mavjud muammolar haqida ma’ruza qildi. U o‘qituvchi va talabalar duch kelayotgan qiyinchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

  

Seminar davomida taqdim etilgan ma’ruzalar va muhokamalar oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid strategiyalarni ishlab chiqishda ishtirokchilarga muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Ishtirokchilar oliy ta’lim muassasalari faoliyatini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish va kelajakdagi rejalar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.