
Shaxsiy tajriba va motivatsiya
2025-yil 12-sentabr kuni ToshDO‘TAU Xalqaro aloqalar bo‘limida Abdurahmon Subxonov ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir rasmiy kirish qismi, ma’ruza va savol-javob sessiyasi ko‘rinishida tashkil etildi hamda YouTube orqali jonli efirda namoyish qilindi.
Abdurahmon Subxonov uchrashuv davomida talabalar hayotidagi shaxsiy tajribasi, ijtimoiy loyihalarga ilk qadam tashlashi va ushbu yo‘l uni murabbiy hamda motivator sifatida shakllanishiga qanday ta’sir qilgani haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, u vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, motivatsiyani saqlash, jamoada ishlash va xalqaro almashinuv dasturlariga tayyorgarlik jarayonida duch kelinadigan qiyinchiliklar yuzasidan o‘z kuzatuv va tavsiyalarini bildirdi.
Talabalar Abdurahmon Subxonov ishtirok etgan almashinuv dasturlariga katta qiziqish bildirishdi, bu borada ko‘plab savollar berishdi va faol muhokamalarda qatnashishdi. Ochiq muloqot yakunida yangi hamkorlik tashabbuslari, mentorlik imkoniyatlari hamda istiqboldagi loyihalar haqida fikr almashildi.
ToshDO‘TAU Xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar talabalarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ularni ilhomlantirish hamda yangi imkoniyatlar sari yo‘naltirishga xizmat qiladi. Kelgusi tadbirlar haqida xabardor bo‘lish uchun universitetning rasmiy axborot kanallarini kuzatib borishingiz mumkin.