Yangiliklar

img
Wed, 06/21/2023 - 18:52

Sharq-u Gʻarb: Navoiy va Gyote

21-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti Jahon adabiyoti va qiyosiy
adabiyotshunoslik kafedrasi tomonidan “Sharq-u Gʻarb: Navoiy va Gyote” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya tashkil etildi. Konferensiyani universitet rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov so'zga chiqib, konferensiya qatnashchilarini ushbu muhim ilmiy anjumandagi ishtirok bilan qutladi.  O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton ham so'nggi yillarda yurtimizda adabiyotshunoslik sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli tadqiqotlarning chegarasi kengayib, yangi, zamonaviy tahlil usullari jadal kirib kelayotgani, qiyosiy adabiyotshunoslik sohasining rivoji bevosita milliy adabiyotimizning ravnaqiga va taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etdi.


Anjuman yalpi majlisida, shuningdek, “Germaniya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Kolin Dyurkop, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon-Turmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalar bo‘limi mudiri Almaz Ulvi Binnatova, Kojaeli universiteti (Turkiya) professori Munevver Tekjan, L.N.Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti (Qozog'iston) professori Raqimjan Turisbek, O‘zR Fanlar akademiyasi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimi, filologiya fanlari doktori Suvon Meli singari mamlakatimiz va jahonning eng nomdor olimlari, adabiyotshunos, tilshunos va turkologlar so'zga chiqib, Navoiy va Gyote ijodining mushtarak jihatlari, Sharq va G'arb adabiy aloqalarining tarixi, buguni, kelajagi haqida qimmatli fikrlarni bayon etdilar.


Anjuman:  Navoiy va Gyote: estetika, poetika, tipologiya; Sharq va G'arb ma'rifatchiligining umumnazariy muammolari, Sharq va G'arb zamonaviy adabiyoti masalalari singari sho'balarda ish olib bordi.