
Qizlar ma’rifati — diniy mutaassiblikka qarshi eng kuchli qurol
2025-yil 17-sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida “Qizlar ilm-ziyosi — diniy mutaassiblik kushandasi” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchisi Ma’rufjon Rahimov ishtirok etib, talabalarga ilm va ma’rifatning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ayniqsa, qizlarning ta’lim olishida yaratib berilgan keng imkoniyatlar xususida ma’ruzalar qildilar.
Ma’ruzachilar ta’kidlaganidek, davlatimiz tomonidan qizlarning oliy ta’lim olishi, o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, zamonaviy bilimlarni egallash va kelajak uchun ulug‘ maqsadlar qo‘yish yoshlarning, ayniqsa, talaba-qizlarning muhim vazifasidir.
Shuningdek, ilm olish va dunyoqarashni kengaytirish orqali diniy mutaassiblikka qarshi samarali kurashish mumkinligi alohida qayd etildi. Zero, bilimli, mustahkam ma’naviy asosga ega qizlar turli zararli g‘oyalardan o‘zlarini va jamiyatni asrashda yetakchi kuchga aylanadilar.
Tadbirda universitetda tahsil olayotgan 3200 nafardan ortiq talaba-qizlar onlayn va oflayn shaklda faol qatnashdi. Ular ma’ruzachilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish, shuningdek, shaxsiy fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur diniy-ma’rifiy uchrashuv qizlarning ilmga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirish, ularni zararli g‘oyalardan asrash va ma’rifatga da’vat etish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.