Yangiliklar

img
Thu, 01/05/2023 - 19:17

Professor-o‘qituvchilar uchun seminar-treninglar tashkil etilmoqda

2023-yil 5-yanvardan 7-yanvargacha universitetimiz professor-o‘qituvchilari uchun maxsus seminar-treninglar tashkil etilishi belgilangan.
Bugun ana shunday treninglarning ilk mashg‘ulotlari o‘tkazildi.  Professor-o‘qituvchilarning ilmiy-xalqaro faoliyatini yanada rivojlantirish, ularga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan seminar-treninglar o‘zining dolzarbligi bilan ahamiyatlidir. 


Xususan, kunning birinchi mashg‘ulotini yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri, xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan e'tirof etilgan  trener M.Jo‘liyev "Nufuzli ilmiy jurnallarda maqola chop etish"  mavzusida olib bordi. Ushbu ma'ruzada Scopus,  Web of Science singari nufuzli ilmiy bazalarga kirgan jurnallarga maqola tayyorlash bosqichlari, talablari haqida so‘z yuritildi. 


Universitet xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori,  filologiya fanlari doktori N.Normurodovaning "Universitet saytida professor-o‘qituvchi sahifasini KPI tizimi talablari asosida shakllantirish" mavzusidagi ma'ruzasini dastlabki mashg‘ulotning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.  Ushbu treningda bevosita virtual olamda olim sifatida tanilishning birlamchi shartlari batafsil tushuntirib berildi.


Xalqaro reyting bo‘limi boshlig‘i Z. Hakimovaning "Xalqaro reytinglarda o‘rin egallashda belgilangan muhim indikatorlar" mavzusidagi ma'ruzasida universitetning xalqaro reytinglardagi munosib ishtiroki, yuqori natija qayd etishi borasida professor-o‘qituvchilar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar haqida fikr yuritildi.
Shuni alohida qayd etish joizki,  xalqaro reytinglarda yaxshi natijalarga ega bo‘lgan OTMning pedagogik jamoasi xalqaro ilmiy jamoatchilikda ham alohida hurmatga ega bo‘ladi.  Bunday reytinglarda esa faqat har jihatdan kuchli va ahil jamoaga ega bo‘lgan universitetlargina yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ladi. 
Umuman olganda,  o‘tkazilgan bugungi seminar-treninglarda har bir ishtirokchi bugungi kun talablari asosida ilmiy, xalqaro va internet tarmog‘ida munosib o‘rin egallash bo‘yicha katta nazariy bilimlarga ega bo‘ldilar.