Yangiliklar

img
Mon, 04/15/2024 - 17:13

Oʻzbekiston-Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 15-aprel kuni O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston-Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi boʻlib oʻtdi. Forum avvalida  “2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi anjuman oʻtkazildi. Anjumanda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya va Oʻzbekiston tomonidan esa 50 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar masʼullari qatnashdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ushbu muhim anjumanda ishtirok etib, ToshDO'TAU tarixi, uning asosiy missiyalari, erishgan yutuqlari hamda kelgusidagi rejalari haqida ma'ruza qildi. 

  

Kutilganidek, forum Oʻzbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari oʻrtasida ilmiy, oʻquv-uslubiy, madaniy-ma’rifiy yoʻnalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qildi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti bilan ham Tojikistonning nufuzli OTMlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Dastlab, Bobojon Gʻafforov nomidagi Xoʻjand davlat univerisiteti rektori Ayub Islom Usmonzoda bilan Shuhrat Sirojiddinov oʻzaro suhbatlashib, ikki yondosh va jondosh xalqlarni yanada yaqinlashtirish boʻyicha amalga oshirish mumkin boʻlgan ishlar haqida  muzokara olib bordilar. Unga koʻra Xoʻjand Davlat universitetida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazini tashkil etish hamda,  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tojik tili va madaniyati markazini ochishga kelishildi.

  

Shuningdek, Tojik milliy universiteti bilan ham oʻzaro hamkorlik oʻrnatildi. Mazkur unuversitet bilan tuzilgan shartnomaga koʻra ikki OTM olimlari birgalikda qo’shma va xalqaro loyihalar tayyorlashlari, professor-o’qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvini tashkil etish, ilmiy-amaliy konferensiyalar va simpoziumlar o’rkazilishi rejalashtirilmoqda. 
Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston-Tojikiston oliy taʼlim muassasalari rektorlarining II forumi  koʻplab yangi loyihalar, ijobiy tashabbuslar uchun yoʻl ichdi.