Yangiliklar

img
Wed, 04/24/2024 - 15:25

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining azaliy do‘stligi ifodasi

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari an’analari, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, bizning tilimiz, dinimiz, tariximiz va merosimiz bir. O‘zbek tili qirg‘iz tili bilan bir oilaga mansub, ikki til egalari bir-birini tarjimonlarsiz ham tushunadi. Shu bilan birga har ikki tilning bir-biridan farq qiluvchi o‘ziga xos tomonlari ham borki, ularni tadqiq qilish, o‘rganish muhimdir. Ko‘p yillardan beri mana shunday tadqiqotlar amalga oshiriladigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik ramzi bo‘lgan markaz ochish zarurati mavjud edi. 2023-yilning 4-oktabr kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi. 2023-yilning 23-noyabr kuni esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 
Mazkur markazlar ikki qardosh mamlakat olimlari va yoshlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlashda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qilmoqda. 
2024-yilning 24-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan  Chingiz Aytmatov nomidagi Qirg‘iz tili va madaniyati markazi tomonidan  O‘sh davlat universitetining 85 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan “O‘sh davlat universiteti - do‘stlik, madaniyat va adabiy aloqalar markazi” mavzusidagi tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda O‘sh davlat universitetining katta delegatsiyasi mehmon bo‘ldi.

  

Tadbir avvalida . Abdukadirov nomidagi O‘sh viloyat filarmoniyasi tomonidan qirg‘iz milliy qo‘shiqlari kuylandi, qirg‘iz xalqining milliy qadriyatlari  bilan tanishish imkonini beruvchi ko‘rgazma tashkil etildi, shuningdek, “Kochmondor raqsi” OshDU talabalari tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Ijodiy-badiiy chiqishlar “O‘sh davlat universitetining zamonaviy ta’lim integratsiyalashuvi jarayonidagi o‘rni” mavzusidagi   ilmiy-amaliy  seminarga ulanib ketdi. Seminarni Alisher navoiy nomidagi ToshDO‘TAU rektori, akademik Sh.Sirojiddinov ochib berdi va qardosh va jondosh bo‘lgan ikki millat ziyolilarining, yoshlarining bu qadar yaqinligi davlatlararo munosabatlarning yuqori bosqichga ko‘tarilgani azaliy mushtarak maqsadlarimiz ro‘yobi ekanini qayd etdi.

  

Seminarda Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Musa Djamanbayev, O‘zbekiston Respublikasining O‘sh shahridagi Bosh konsuli  Abdurashid o‘gli A’zamjon, O‘shDU jamoasi vakillari, ToshDO‘TAU olimlari va talabalari faol ishtirok etishdi. 
“O‘sh davlat universiteti – do‘stlik, madaniyat va adabiy  aloqalar markazi” mavzusidagi konsert dasturi esa bugungi ajoyib kunni yanada mazmunli o‘tishiga xizmat qildi.