“Oʻzbek maktabi”da Oʻzbek tili kuni nishonlandi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Oʻzbek maktabi”da Oʻzbek tili kuni keng nishonlandi.
Tadbirda amerikalik tinglovchilar oʻzbek tilida lapar va she’rlar ijro etib, Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalar o‘qidilar. Ularning chiqishlari tinglovchilar tomonidan katta qiziqish va e’tirof bilan kutib olindi.
“Oʻzbek maktabi” bugungi kunga qadar 600 dan ortiq xorijliklarga oʻzbek tili va madaniyatini oʻrgatgan xalqaro oʻquv markaziga aylangan. Ushbu markaz faoliyati doʻstlik, madaniy muloqot va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida KIDC (Korea International Development Cooperation)ning koreyalik koʻngillilari oʻzbek tili boʻyicha 135 soatlik taʼlim dasturini muvaffaqiyatli yakunlab, bitiruv marosimini o‘tkazdilar.

Mazkur loyiha doirasida koreyalik volontyorlar oʻzbek tilini o‘rganish bilan bir qatorda milliy qadriyatlar, urf-odatlar va madaniyat bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bitiruv tadbiri Oʻzbek tili bayrami bilan uygʻun tarzda o‘tkazildi.

Tadbir yakunida koreyalik bitiruvchilarga sertifikatlar topshirilib, ular oʻzbek tili va madaniyatiga boʻlgan qiziqishlari uchun tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.
Bayram samimiy muhitda, oʻzbek tili va madaniyatiga boʻlgan mehr, do‘stlik va hamkorlik ruhida o‘tdi.

