ONA TILI VA ADABIYOT TA’LIMI FAKULTETI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi 4797-son “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbek  tili va adabiyot ta’limi fakulteti deb tashkil etildi. Hozirda fakultet Ona tili va adabiyot ta’limi deb nomlanadi.

Fakultetda 6011140 – O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yoʻnalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Ushbu mutaxassislar umumiy o‘rta ta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida pedagog, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti va boshqa tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarida mustaqil tadqiqotchi, xorijiy mamlakatlarda tashkil qilingan o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kurslarda, o‘zbek tili va madaniyati markazlarida o‘qituvchi, ommaviy axborot vositalari, davlat boshqaruvi organlari, boshqa davlat va nodavlat muassasalarda, vazirlik va tashkilotlar rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida kasbiy faoliyat olib boradilar.
Universitetni tashkil etish haqidagi Farmonda Ona tili va adabiyot ta’limi fakultetining asosiy vazifalari sifatida o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda umumta’lim maktablari va akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish belgilangan.

O‘zbek tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishida nafaqat kunduzgi, balki sirtqi va kechki shakllarda ham ta’lim olib borilmoqda. Bularning barchasi fakultetning respublikamiz filologik taʼlim tizimidagi muhim vazifasini yana bir karra tasdiqlaydi.
Fakultetda 3  kafedra faoliyat olib boradi:

Ona tili ta’limi kafedrasida jami 18 nafar professor-o‘qituvchilar bo‘lib, ulardan 1 nafari fan doktori professor, 7 nafari fan nomzodidir. Mazkur kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan umumta’lim maktablari uchun “Ona tili” va “O‘zbek tili” darsliklari, Prezident va ijod maktablari uchun ham qator darsliklar, Milliy o‘quv dasturlari muallifidir. Professor-o‘qituvchilardan K.Mavlonova, Sh.Tursun “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
O‘zbek adabiyoti ta’limi kafedrasida 12 nafar professor-o‘qituvchilar bo‘lib, ularning 3 nafari fan doktori, 4 nafari fan nomzodi hisoblanadi. Mazkur kafedra professor-o‘qituvchilaridan Roza Niyozmetova, Saodat Qambarova, Mahfuza To‘ychiyeva, Dilfuza To‘xliyevalar respublikamiz bo‘ylab qator darsliklar, o‘quv qo‘llanma va monografiyalar muallifidir.
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasida 26 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritadilar. Ularning 8 nafari fan doktori, 7 nafari fan nomzodi sanaladi. Kafedra mudiri mohir pedagog, tahlilchi Qozoqboy Yo‘ldoshev bo‘lib, kafedra a’zolarida Homidjon Homidiy, Marg‘uba Abdullayeva, Nusratulla Jumaxo‘ja, Hoshim Ahmedov, Muhayyo Hakimova, Zulxumor Mirzayeva kabi mashhur olimlar faoliyat yuritadilar.
Fakultetning xorijiy davlatlar va ilmiy tashkilotlar bilan aloqalari ham mustahkam bo‘lib, doimiy ravishda  AQSH Xalqaro rivojlantirish agentligi (USAID) bilan hamkorlikda to‘rt yilga mo‘ljallangan “Barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida “Anchor Workshop” onlayn o‘quv-seminari tashkil etiladi.
Fakultetning 12 nafar professor-o‘qituvchisi xalqaro reytingda 1000 talikka kirgan xorijiy OTMlarda ma’ruza qilgani,  O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, f.f.d. Zulxumor Mirzayeva FEP dasturi orqali avgust-yanvar oylari AQSHning nufuzli universitetlaridan biri Arkansas (Arkansas Universty) da Adabiyot (“Literature”) yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi.

Fakultet jamoasi xalqaro hamda respublika miqyosidagi turli ilmiy loyihalarda munosib ishtirok etmoqda. Xususan, Vengriyaning Eötvös Loránd University bilan hamkorlikda “O‘zbek tili va adabiyotining xorijdagi targ‘ibi, Alisher Navoiy asarlarining ingliz tiliga tarjimalari masalasi” mavzusidagi “Erasmus+ International Credit Mobility Programm” xalqaro loyihasi (2020-2023), “Turkiy tillarning lingvodidaktik platformasini yaratish”, “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish”, “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” kabilar shular jumlasidandir.

Fakultetda nomdor stipendiya sohiblari, “Yil talabasi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, “Yosh kitobxon” respublika tanlovi sovrindorlari tahsil oladi. 
Fakultetda  49 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 12 nafar fan doktori, 18 nafar fan nomzodi ilmiy va pedagogik faoliyat olib boradi. Fakultet professor-o‘qituvchilari o‘zbek tili va adabiyoti ta’limi sohasida nafaqat respublikamizda, balki chet mamlakatlarda ham e’tirof etilgan mutaxassislardir. Hozirgi kunda fakultetda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarimizdan to‘rt nafari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi hisoblanadi. 
Fakultet dekani: filologiya fanlari doktori, dotsent Marg‘uba Abdullayeva Dustmurodovna
2023/2024-o‘quv yilida 6011140 – O‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi talabalari uchun umumkasbiy va ixtisoslik fanlaridan (Hozirgi o‘zbek adabiy tili, O‘zbek adabiyoti, O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi, Ona tilini o‘qitish metodikasi) yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari o‘tkaziladi.