img

Normurodova Nozliya Zarilovna

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor


Filologiya fanlari doktori, dotsent Normurodova Nozliya Zarilovna 2021- yildan ToshDO‘TAU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori lavozimida ishlab kelmoqda. Normurodova Nozliya Zarilovna 2009-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini lingvistika (ingliz tili) mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

2012-yil “Выражения языковой личности в художественном диалоге (на материале английского языка)” mavzusida filologiya fanlari nomzodi dissertatsiyasini, 2020-yil “Вербальная экспликация антропоцентризма в англоязычном художестваннном дискурсе” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan.

Rus, ingliz, fransuz, turk tillarini biladi. Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Rossiya, Norvegiya, Malta, Italiya, Ruminiya kabi xorijiy davlatlar universitetlarida malaka oshirgan. Xususan, 2013-yilda Fransiyaning Kaen universitetida, 2015-yilda Voronej Davlat universitetida, 2018-yilda Norvegiyaning Tromso universitetida, Malta universiteti, Rossiyaning MGIMO, MGU universitetlarida og‘zaki va yozma tarjima til o‘qitish metodikasi yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirgan.

U 2016-yilda Ispaniyaning Barselona universiteti sayyor lektori, 2017- yilda Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan tanlov g‘olibasi, Rahbar ayollar yozgi maktabi ishtirokchisi, Xalqaro Erasmus+ ofisi yoshlar siyosati yo‘nalishidagi xalqaro loyiha (Italiya) g‘olibasi, Gozo vazirligi tomonidan tashkil etilgan Gender tengligi bo‘yicha xalqaro Erasmus+ loyihasi g‘olibasi, Anqara Xoja Bayram Vale universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan magistratura qo‘shma dasturi koordinatori.

N.Normurodova 2016-yil Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgan ilk kunlaridan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tavsiyasi bilan avval “Ingliz filologiyasi”, so‘ng “Madaniyatlararo muloqot va turizm” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

N.Normurodova faol va kreativ yondashuvga ega  tashkilotchi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Erasmus+ milliy ofisi, Britaniya Kengashi, UNESKO BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha vakolatxonasi, bir qator elchixonalarning e'tiboriga tushgan bo‘lib, respublikada o‘tkazib kelinayotgan xalqaro simpozium va konferensiyalarni tashkil etishda  yaqindan qatnashib keladi. 

Normurodova Nozliya 2014-2020 o‘quv yillarida Fransiya, Ispaniya, Norvegiya, Turkiya, Malta, Rossiya, Ruminiya davlatlarida bo‘lgan paytida xorijiy til o‘qituvchilarini tayyorlash, sinxron tarjima bo‘yicha malaka oshirish, akademik mobillik va konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha universitet bilan xorij universitetlari orasida yaqin hamkorlikka erishdi. Bugungi kunda universitetning 50 dan ortiq shartnomalarida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarishda N.Normurodova boshchilik qilib kelmoqda.