Yangiliklar

img
Fri, 07/04/2025 - 20:11

Mahallaga e’tibor va g‘amxo‘rlik

2025-yil 4-iyul kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati, akademik Shuhrat Sirojiddinov tomonidan Yangihayot tumanidagi “Yangi Darhon” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla aholisi bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad mahalliy aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning turmush tarzini o‘rganish, kundalik ehtiyoj va muammolarini tinglab, mavjud muammolarga joyida yechim topishdan iborat bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida mahalla aholisi tomonidan kundalik hayotda duch kelinayotgan muammolar, jumladan, infratuzilma bilan bog‘liq kamchiliklar, yoshlar tarbiyasi, ta’lim sifati va mahalla faoliyatining faolligini oshirishga doir masalalar ochiq muhokama qilindi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Tashrif davomida ehtiyojmand oilalarning holati ham alohida e’tiborda bo‘ldi. Ularning ayrimlariga akademik tomonidan zaruriy moddiy ko‘mak ko‘rsatildi.
Uchrashuvda, shuningdek, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, mahalla institutini mustahkamlash, aholining farovonligini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mahalla faollari va nuroniylar bilan bo‘lib o‘tgan alohida suhbatlar chog‘ida ularning fikr va takliflari inobatga olindi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov bunday muloqotlar fuqarolarning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslik, ularni amalda qo‘llab-quvvatlashda samarali vosita sifatida xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Uchrashuv yakunida mahalla faollari bilan hamkorlikda ijtimoiy-maʼnaviy hayotni jonlantirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom ettirilishi bildirildi.