Yangiliklar

img
Fri, 02/23/2024 - 12:14

Indiana va Tennessi universitetlari bilan hamkorlik o'rnatildi

Avval xabar berganimizdek, universitetimizning xalqaro hamkorlik bo'yicha prorektori Nozliya Normurodova  AQShda xizmat safarida bo'lib turibdi. Safarning navbatdagi kunida O'zbekiston delegatsiyasi AQSh davlat departamentiga tashrif buyurdi. Shuningdek, tashqi ishlar  departamenti vakillari bilan uchrashdi. Xususan, AQSh Davlat departamenti Ta’lim va madaniyat masalalari byurosining Fulbrayt dasturlari bo‘yicha Janubiy va Markaziy Osiyo (SCA) bo‘yicha mutaxassisi Shennon Konhead, AQSh Davlat departamentining Ta'lim va madaniyat masalalari byurosining (ECA) Dastur xodimi Rozi Edmond va boshqalar bilan suhbat qurildi.   AQSh elchixonalari va mintaqaviy hamkorlikda Davlat departamentining boshqa asosiy akademik almashinuv dasturlarini nazorat qilish uchun mas'uli Julia Findlay,  Departamentning Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi vakillari bilan suhbatda ushbu mintaqalardagi davlatlar OTMlari bilan AQSh universitetlarining hamkorligini kuchaytirish, tadqiqotlarni rag'batlantirish masalalari muhokama qilindi. 
 Xizmat safari davomida N.Normurodova nufuzli "Xalqaro taʼlim maʼmurlari assotsiatsiyasi"ning  yillik konferensiyasida ishtirok etish barobarida, Amerikaning bir nechta OTMlari  vakillari bilan hamkorlik masalalari bo'yicha muzokaralar olib bordi. 
Xususan, AQShning dunyoga mashhur Indiana universiteti vakillari bilan bo'lgan suhbatda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Indiana universitetida Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo'limi mavjud bo'lib, ushbu yo'nalishda ToshDO'TAU bilan hamkorlik ikki tomon uchun ham g'oyat manfaatli bo'lishi ta'kidlandi. Bu hamkorlik, avvalo, Indiana universitetida o'zbek tilini o'qitish masalasini qamrab oladi. ToshDO'TAU taklif etgan dastur va darsliklar asosida Indianada o'zbek tili o'quv kurslari tashkil etish va unda ToshDO'TAUning malakali pedagoglari onlayn mashg'ulotlar olib borishi qayd etildi. Hamkorlikning keyingi bosqichida esa Indiana universitetida O'zbek tili va madaniyati markazini ochish taklif etildi.

 

Bundan tashqari Tennessi universiteti vakillari bilan ham muzokaralar olib borildi. Tennessi universitetida turkologiya yo'nalishi mavjud bo'lmasa-da, ular biz bilan tarjimashunoslik, qiyosiy filologiya bo'yicha qo'shma o'quv kurslari tashkil etishni taklif qildilar. Bu taklif yaqin kelajakda AQShlik tadqiqotchilarning O'zbekistonga, bizning universitetimiz olimlarini esa Tennessi universitetiga yuborishni, o'zaro tajriba lmashishni hamda akademik mobillik dasturlarini yo'lga qo'yishni ham nazarda tutadi. 
Tennessi va Indiana universiteti vakillari ham ToshDO'TAU bilan hamkorlikda loyihalar tayyorlab, ular orqali ko'plab dasturlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Tez orada universitetimiz olimlari va talabalari uchun yana ko'plab imkoniyatlar yaratiladi.
Shuningdek, O'zbekiston oliy ta'lim delegatsiyasi Vashingtonning eng yirik universitetlaridan biri Merilend universitetida ham bo'ldi. Vakillarimiz bu universitetning kampusi, ta'lim tizimi, talablar hayoti bilan yaqindan tanishdilar. Bu unversitet 1856-yilda tashkil etilgan bo'lib, salkam ellik ming nafar talaba tahsil oladi.