Yangiliklar

img
Tue, 06/11/2024 - 14:45

Global barqaror rivojlanish kongressi bo'lib o'tmoqda

Tailandning Bangkok shahrida 10-13-iyun kunlari Global barqaror rivojlanish kongressi o'tkazilmoqda. Nufuzli THE (Times Higher Education) reyting agentligi, BMT, JST singari o'nlab xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan kongress dunyoning eng ilg'or universitetlarini bir joyga to'pladi.  "Barqaror kelajak uchun oliy ta'lim, hukumat, sanoat va jamiyat birdamligi" shiori ostida o'tkazilayotgan kongressda jahonning 3000 dan ortiq innovatorlari va fikr yetakchilari jam bo'lgan. Kongress BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun  universitetlar o'zlarining ilmiy tadqiqot yo'nalishlari, ta'lim berish majburiyatlaridan tashqari yana nimalarni amalga oshirishlari zarurligi haqida odatiy fikrlardan chekinib yangi yechim va g'oyalarni taklif etishni maqsad qilgan. Ushbu kongress doirasida jahonning yuzdan ortiq universitetlarining faoliyatiga oid ko'rgazma tashkil etilgan. Ushbu ko'rgazmada Alsiher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti stendi ham o'rin olgan. Nufuzli koʻrgazmada ToshDOʻTAU stendini Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Nozliya Normurodova va XAB boshligʻi Ozoda Gulyamovalar namoyish etishmoqda. Universitetimizning BRMga erishish yo'lida olib borayotgan faoliyati kongress qatnashchilari tomonidan alohida e'tirof etilmoqda. 

  

Kongressda, shuningdek, yuzga yaqin xalqaro ekspertlarning ma'ruza va mahorat darslari o'tkazilmoqda. Kongress yakunida esa THE Impact reytingining 2024-yil natijalari e'lon qilinishi rejalashtirilgan.

  

Eslatib oʻtamiz, 2023-yilda mazkur reytingda ToshDOʻTAU dunyoning TOP-600+ universitetlari roʻyxatiga kirgan va gender tengligini ta’minlash boʻyicha yetakchi 20 talikdan joy olgan. Ushbu natijalar bilan biz Oʻzbekiston OTMlari orasida peshqadam boʻlgan edik.