Yangiliklar

img
Thu, 11/23/2023 - 20:05

Chingiz Aytmatov nomidagi Qirgʻiz tili va madaniyati markazi ochildi

O‘zbek va qirg‘iz xalqlari an’analari, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, bizning tilimiz, dinimiz, tariximiz va merosimiz bir. O‘zbek tili qirg‘iz tili bilan bir oilaga mansub, ikki til egalari bir-birini tarjimonlarsiz ham tushunadi. Shu bilan birga har ikki tilning bir-biridan farq qiluvchi o‘ziga xos tomonlari ham borki, ularni tadqiq qilish, o‘rganish muhimdir. Ko‘p yillardan beri mana shunday tadqiqotlar amalga oshiriladigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlik ramzi bo‘lgan markaz ochish zarurati mavjud edi. Joriy yilning 4-oktabr kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh davlat universitetida “O‘zbek tili va madaniyati” markazi ochildi. Markaz Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilib, o‘zbek xalq amaliy san’ati namunalari, ilmiy, badiiy va ommabop adabiyotlar bilan ta’minlandi. Bu xayrli ishlarning davomi o‘laroq, 2023-yilning 23-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Chingiz Aytmatov nomidagi “Qirg‘iz tili va madaniyati” markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu Markazga O‘sh davlat universiteti tomonidan qirg‘iz tilidagi nodir manbalar taqdim qilindi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, O‘sh davlat universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU olimlari va talabalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

  

Marosimda so‘z olganlar Bu ikki qardosh xalq tarixiy taraqqiyotning barcha evrilishlariga qaramasdan, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda raqobatbardosh bo‘lib qolish uchun zarur islohotlarni amalga oshirgan holda o‘z milliy davlatchiligini matonat va mehnatsevarlik bilan  mustahkamlab kelayotganini alohida qayd etdilar. Ikki qardosh mamlakat olimlari va yoshlarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun O‘sh Davlat universiteti rektori Kudayberdi Ko‘jabekov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Faxriy Professori unvoniga sazovor bo‘ldi.