Birinchi bosqichga qabul qilingan tadqiqotchilar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Joriy yilning 20-yanvar kuni universitetda rektor, akademik Sh. Sirojiddinov hamda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor N. Normurodova ishtirokida tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul qilingan 57 nafar tadqiqotchi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimiga qo‘yiladigan talablar, uning huquqiy-me’yoriy asoslari, doktorant va mustaqil izlanuvchilarning huquq va majburiyatlari atroflicha tushuntirildi. Xususan, individual reja asosida ishlash, belgilangan muddatlarda ilmiy natijalarni taqdim etish, nashr faoliyati va dissertatsiya ishining bosqichma-bosqich bajarilishi bo‘yicha qat’iy talablar mavjudligi alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur talablar buzilgan taqdirda qo‘llaniladigan intizomiy va tashkiliy choralar yuzasidan ham ogohlantirishlar berildi.
Shuningdek, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati doimiy monitoring asosida olib borilishi, monitoring jarayonida ilmiy rejaning bajarilish darajasi, maqolalar chop etilishi, ilmiy anjumanlardagi ishtirok hamda rahbar xulosalari asosiy mezon sifatida baholanishi batafsil izohlandi. Monitoring natijalari ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, fevral oyining boshida doktorantlar uchun fundamental tadqiqotlarni amalga oshirishga oid nazariy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Mazkur mashg‘ulotlar ilmiy tadqiqot metodologiyasi, muammo qo‘yish, ilmiy faraz va xulosalarni asoslash, manbalar bilan ishlash hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar bo‘yicha nazariy bilimlarni mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

Ta’kidlanganidek, rejalashtirilayotgan nazariy mashg‘ulotlar va monitoring tizimi doktorantlarning ilmiy izlanishlarini tizimli, samarali va natijador tashkil etishga, shuningdek, universitetda ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.

