
Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tilshunoslik taraqqiyotidagi xizmatlari
2025-yil 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tilshunoslik taraqqiyotidagi xizmatlari” mavzusida xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi. Ushbu ilmiy anjumanda taniqli olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar ishtirok etib, Navoiy hamda Bobur ijodining tilshunoslikka ta’siri, ularning ilmiy merosi va o‘zbek tilining rivojlanishidagi o‘rni haqida fikr almashdilar.
Seminar davomida qator yetuk olimlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Jumladan, filologiya fanlari doktori, Me’mor Sinon nomidagi Istambul Nafis san’atlar universiteti professori Tanju Seyhan, filologiya fanlari doktori, O‘sh davlat universiteti professori Gulipa Madmarova, filologiya fanlari doktori, professor, ToshDO‘TAU O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri Zulxumor Xolmanova, filologiyafanlari doktori, Anqara Yildirim Boyazid nomidagi universitet professori Funda Toprakning ma’ruzalari tinglandi. Shundan soʻng professor Elchin Ibrohimov Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning turkiy adabiy til taraqqiyotidagi o‘rniga to‘xtalib, ularning ijodiy faoliyati orqali turkiy til taraqqiyoti qanday shakllanganini tahlil qildi. Keyingi ma’ruza Farhad Rahimi tomonidan taqdim etilib, Ferog‘iyning chig‘atoy turkchasi lug‘atidagi xatolar yuzasidan ilmiy izlanishlar natijalari muhokama qilindi. Bayram Akatov esa turkiy xalqlar adabiyotida sarkardalar maktabi va Muhammad Zahiriddin Bobur mavzusini yoritib, Bobur ijodining harbiy va adabiy jihatlari haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, Farida Aliyeva Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining qirg‘iz tadqiqotchilari tomonidan o‘rganilishi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar natijalarini taqdim etdi. Dovletmurat Yazkuliyev esa Alisher Navoiy va turkman-o‘zbek do‘stligi masalalari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Seminar yakunida Bermet Zakirova va Nuriyla Damilova Alisher Navoiy asarlarida til va xarakter yaratish san’ati orqali talabalarning madaniy dunyoqarashini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Seminar davomida ishtirokchilar qizg‘in bahs-munozaralar olib borishdi hamda turkiy xalqlarning adabiy merosi, tilshunoslik va madaniy aloqalar mavzularida fikr almashishdi. Ushbu ilmiy uchrashuv Navoiy va Bobur merosining zamonaviy tilshunoslikdagi o‘rnini aniqlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini jamoatchilikka yetkazish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining rasmiy sahifalariga murojaat qilish mumkin.