“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” doirasida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2025-yil 19-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv jamiyatda zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va yoshlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan dolzarb tashabbusning bir qismi sifatida tashkil etildi.
Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Rasulmuxamedova, tumanning ichki ishlar bo‘limi huzuridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika nozirlari, shuningdek, universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida zo‘ravonlikning turli shakllari, uning ijtimoiy oqibatlari, ayniqsa xotin-qizlarga nisbatan sodir etiladigan tazyiqlarning oldini olish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Mutasaddilar oilalarda sog‘lom muhitni yaratish, zo‘ravonlikka befarq bo‘lmaslik, huquqbuzarlikning oldini olishda jamoatchilik faolligini oshirish borasida muhim tavsiyalar berdilar. Shuningdek, yoshlarni huquqiy madaniyatli, ogoh va mas’uliyatli bo‘lishga undovchi fikrlar bildirildi.

Tadbir talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar, mutaxassislar bilan savol-javoblar tarzida muloqot qildilar. Uchrashuv mazmunan boy, ochiq muloqot va amaliy tavsiyalar bilan yakunlandi.


