
Zamon bilan hamnafas
Yangi o‘quv yili arafasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan multimedia studiyasi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.
5-avgust kuni universitet rahbariyati va xodimlari uchun mazkur studiyaning imkoniyatlari va ishlash tartibiga bag‘ishlangan ichki taqdimot o‘tkazildi. Tadbirda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov boshchiligida rahbariyat vakillari hamda texnik mutaxassislar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida studiyaning texnik jihozlanishi, foydalanish tartibi, videodarslar va ilmiy-ma’rifiy kontentlar yaratish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘z nutqida ushbu loyiha universitetda raqamli ta’limni kengaytirish, ilm-fan, tarix va madaniyat sohalaridagi faoliyatni keng auditoriyaga yetkazishdagi muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Multimedia studiyasi yaqin kunlarda rasmiy ish boshlashi va mamlakatimizning eng yetuk olimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar ishtirokida ijtimoiy, ta’limiy va ilmiy kontentlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilgan.