
“Zakovat” intellektual o‘yini – ma’naviyat va bilim bellashuvi
Joriy yil 23-iyun kuni “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-ijodiy tadbirlardan biri sifatida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Ushbu bellashuvda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek filologiyasi yo‘nalishi 1-bosqichida tahsil olayotgan 16 nafar iqtidorli talaba ishtirok etdi. Tadbirga universitet tyutori Akmal Ikromov rahbarlik qildi.
Intellektual o‘yinda “Intellektual avlod”, “Zukkolar ligasi”, “Aql sharafi” va “Bilim karvoni” jamoalari o‘zaro bilim bellashuvida qatnashishdi. 11 raunddan iborat savol-javoblar asosida jamoalarning natijalari sarhisob qilinib, yakunda “Intellektual avlod” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. “Zukkolar ligasi” jamoasi 2-o‘rin, “Aql sharafi” esa 3-o‘rin bilan taqdirlandi.
Musobaqa g‘oliblari universitet tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi. Mazkur tadbir talabalar bilimini sinovdan o‘tkazish, jamoaviy ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish hamda intellektual salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydon bo‘ldi.