
YXHT delegatsiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga tashrif buyurdi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida YXHTning milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha oliy komissari Kayrat Abduramonov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad respublikada istiqomat qiluvchi milliy ozchilik vakillarining taʼlim olishi borasidagi huquqlarini taʼminlash shart-sharoitlari va chora-tadbirlari bilan tanishish, shuningdek, milliy ozchiliklar tillarini oʻrganishda bagʻrikenglik tuygʻusini asrashdan iborat.
Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha institut Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) tomonidan tashkil etilgan tuzilmadir. Tashkilotning bosh qarorgohi Gaagada (Niderlandiya) joylashgan. MOMB Instituti YXHTga a'zo davlatlar hukumatlariga milliy ozchiliklarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari bo'yicha tegishli tavsiyalarni o'rganish, monitoring qilish va kerak bo'lganda taqdim etish uchun tashkil etilgan. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshqulov delegatsiya aʼzolarini qabul qildi. Uchrashuvda dastlab, respublikamizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan delegatsiya vakillari hamisha milliy ozchiliklarning ta’lim olish huquqlarini ta’minlashdan manfaatdor. Ularni respublikada turkman, qozoq, tojik va qirg‘iz tillarida ta’lim olish imkoniyati haqidagi savollar qiziqtirmoqda.
Ushbu keng masshtabli uchrashuvda universitetimiz rektori Shuhrat Sirojiddinov ham ishtirok etib, universitetda ayni masala bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Fikr-mulohazalardan soʻng mehmonlar oliy taʼlim tizimidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirib, kelgusida oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib oldilar.