
“Yuzma-yuz" ijodiy bellashuvi
Bugun, 2-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universitetida chin ma'noda ma'naviyat kuni bo'ldi. Universitet magistrantlari Elyor Rajabov hamda Shohro'z Mo'minzoda tashabbusi bilan “Yuzma-yuz" ijodiy bellashuvi tashkillashtirildi. Uchrashuv Yakkasaroy tuman Madaniyat bo'limi hamda "Rumiyona" nashriyoti hamkorligida bo'lib o'tdi.
Tadbirni universitet yoshlar ishlari hamda ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo'yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Bahodir Xoliqov ochib berdi.
Birinchi kurs magistranti Abdurashid Xo'jamovga qarshi sirdaryolik shoir Farrux Hasanov qarshi bellashdi.
Ijodkorlarning ikkisi ikki olam, ularning she'rlari kishini fikrlashga undaydi. Ustoz shoirlar ijodidan oziqlanayotgan ikki ijodkor ham o'zining ijodiy o'zanini izlab bormoqda.
Sheriyat ixlosmandlari-tomoshabinlar ham shoirlarning ijodi haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirgach, keyingi shoirlar juftligiga navbat berildi. Alisher Navoiy nomidagi ToshDO'TAUni tamomlagan yosh adabiyotshunos Kamoliddin Egamqulov hamda Anvar Botirlar ijodda ham yetuk mavqega yetishganlarini namoyon etishdi.
Bu galgi juftlikka tomoshabinlarning munosabati o’zgacha bo’ldi. Jumladan, Shohrux Usmonov, Alisher Sabriy, Aziza Shokirova, Dilnavoz Najimova kabi talabalar fikrlari hammaning diqqat e'tiborini tortdi.
Tadbir nihoyasida ishtirokchilar va fikr bildirgan ishtirokchilarga "Rumiyona" nashriyoti tomonidan kitoblar tuhfa etildi.