Yurakka ko'milar asl shoirlar
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘zbek she’riyatining otashin kuychisi, xalqimizning ardoqli shoiri Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 2026-yilning 28-aprel kuni o‘tkazilgan ushbu adabiy kecha universitetning o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari tomonidan chinakam ijodiy bayram sifatida tashkil etildi. Shoir tavalludi munosabati bilan yig‘ilgan ustoz va talabalar Muhammad Yusuf ijodining sehri, uning sodda va samimiy misralarida yashiringan milliy ruh haqida dildan suhbatlashdilar.
Kechada shoirning umr yo‘ldoshi, taniqli ijodkor Nazira As-Salom ishtirok etib, talabalar bilan Muhammad Yusufning insoniy fazilatlari, she’rlarining tug‘ilish tarixi va u kishining adabiyotga bo‘lgan sadoqati haqidagi eng samimiy xotiralarini bo‘lishdi. Nazira opaning hayotiy hikoyalari tadbirga o‘zgacha harorat bag‘ishlab, shoir siymosini yoshlar ko‘z o‘ngida yanada yorqinroq gavdalantirdi. Shuningdek, tadbirda so‘z olgan Hoshimjon Ahmedov shoir ijodining o‘ziga xos badiiy qatlamlari, asarlaridagi Vatanga muhabbat, sadoqat va yuksak insoniylik g‘oyalarini chuqur tahlil etuvchi ma’ruzasini tinglovchilarga havola qildi. Olim o‘z chiqishida Muhammad Yusuf she’riyati o‘zbek adabiyotida xalqona uslubning yangi bosqichini boshlab berganini alohida e’tirof etdi.

Tadbirning badiiy qismi ham mazmunan boy bo‘ldi: talabalar shoirning dilga yaqin she’rlarini yod aytib, uning qalamiga mansub qo‘shiqlarni ijro etdilar hamda ijodkor hayotidan lavhalar aks etgan sahna ko‘rinishlarini namoyish qildilar. Har bir chiqish yoshlar qalbida ona tilimizga, milliy adabiyotimizga bo‘lgan hurmatni yuksaltirishga xizmat qildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy kecha Muhammad Yusuf ijodi abadiyatga daxldor ekanini, uning merosi hamisha yosh avlod uchun vatanparvarlik va haqiqiy ijod maktabi bo‘lib qolishini yana bir bor isbotladi.


