Yangiliklar

img
Mon, 12/15/2025 - 18:10

Yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarning o‘rni

Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchilari PhD, dotsent Nargiza Rashidova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Nigora Sulaymonova, PhD, dotsent vazifasini bajaruvchi Kamola Abdulloyeva hamda PhD Yorqinoy Ismonova tomonidan talabalar turar joyida “Yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarning o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida globallashuv sharoitida yoshlar tarbiyasida milliy qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi. Asrlar davomida shakllangan o‘zbek xalqining urf-odatlari, an’analari, odob-axloq me’yorlari va boy ma’naviy merosi yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashda muhim omil ekani qayd etildi.

Ustozlar oilada milliy qadriyatlarga tayangan holda beriladigan tarbiya yoshlarning dunyoqarashi, o‘zligini anglash hissi va vatanparvarlik fazilatlarining shakllanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidlash bilan birga, ta’lim muassasalarida ham milliy qadriyatlarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, tarixiy merosni chuqur o‘rganish, xalq og‘zaki ijodi va an’anaviy san’at turlarini yoshlar orasida targ‘ib etish zarurligiga e’tibor qaratdilar. Bunday yondashuv talabalarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularni turli yot g‘oyalardan asrashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbir davomida talabalar bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, xorijiy tillarni puxta o‘rganish hamda bu jarayonda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan ham amaliy tavsiyalar berildi.

  

Tadbir yakunida talabalar ushbu ma’naviy muloqotdan mamnunlik bildirar ekan, ko‘pchiligi o‘z oilalarida qadriyatlar qanday asrab-avaylanishi haqida fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi. Suhbat samimiy va mazmunli ruhda kechib, talabalarning faol ishtiroki bilan yanada qiziqarli tus oldi. Tadbir milliy qadriyatlarning yoshlarni har tomonlama yetuk, vataniga sadoqatli va ma’naviy jihatdan barkamol shaxslar etib tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.